Hozirda dunyo miqyosida atrof-muhit muhofazasiga bo‘lgan munosabat eng dolzarb masalalardan biriga aylangani sir emas. Bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ko‘plab vazifalar orasida ko‘kalamzorlashtirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda yiliga millionlab tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, bu orqali yashil maydonlarni kengaytirish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Atrof-muhit musaffoligini ta’minlashda daraxtlar insoniyatning beminnat ko‘makdoshidir.


Afsuski, ayrim shaxslarning o‘simlik dunyosiga bo‘lgan tajovuzkor harakatlari, e’tiborsizlik bilan daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlar umum-ekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida joriy yil boshidan shu davrgacha 115 ta noqonuniy holatda daraxt kesganlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib jarima choralari qo‘llanilgan.


Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Unda aniqlanishicha, “Toshariq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro B.D. tomonidan ikki tup shotut, ikki tup yong‘oq va bir tup tol daraxtlarini hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlagan. Ushbu kesilgan daraxt bo‘laklarini yuk tashuvchi avtotransport vositasiga yuklayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Ushbu holat yuzasidan inspektorlar tomonidan tezkorlik bilan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.


Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq tabiatga yetkazilgan zarar 260 million so‘mni tashkil etdi. Avtotransport vositasi vaqtincha jarima maydoniga qo‘yildi.
Jumladan, qonunbuzarlik holatiga huquqiy baho berish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organiga yuborildi. Joylarda mas’ullar tomonidan o‘rganishlar, aholi orasida targ‘ibot ishlari davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.