Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuning dolzarb vazifasi
16:43 / 2024-12-02

“Barcha yo‘l-transport hodisalarini, ayniqsa, piyodalar bilan bog‘liq avariyalarni oldini olish profilaktikasi oyligi” doirasida Toshkent viloyatida ham tizimli ravishda keng ko‘lamdagi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, hududlarda yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, haydovchilarni hushyorlikka chorlash, mutaxassislar va aholi o‘rtasidagi muhokamalarda YTHlarning ayanchli oqibatlarini yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha tuman-shaharlarda muntazam besh va undan ortiq yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilar ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi va haydovchilardan tilxatlar olindi. 

Ayniqsa, serqatnov chorrahalar, odamlar gavjum bekatlar, bozorlar, o‘quv muassasalari atrofida transport vositalari qoidalarga rioya qilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Dolzarb 50 kunlik” maxsus profilaktik tadbir davomida tungi reydlar tashkil etilmoqda. Unda mast holda avtomobil boshqarish, tegishli hujjatlarsiz avtotransport vositasida harakatlanish, tegishli ruxsatnoma olmay avtomobilni qayta jihozlash, avtoulovlarning old oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirib olish kabi holatlar aniqlanmoqda. Shu bo‘yicha qonunbuzarlarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, avtoulovlar jarima maydonlariga joylashtirilmoqda. 

Masalan, Oqqo‘rg‘on tumanida YPX inspektori tomonidan 1977 yili tug‘ilgan Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqaro X.B.ning ma’lumotlari planshet qurilmasidagi maxsus dastur orqali tekshirilganda Jinoyat Kodeksining tegishli moddasida (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, hozirda qidiruvdaligi aniqlangan. 

Holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro X.B. Oqqo‘rg‘on tumani IIB xodimlariga topshirilgan. Bundan tashqari, viloyat IIBB JXX YHXB Ekspluatatsiya montaj boshqarmasi xodimlari tomonidan yo‘llardagi yo‘l belgilari va yo‘l transport hodisasiga sabab bo‘luvchi omillar o‘rganilib, eski yo‘l belgilari yangisiga almashtirilmoqda. Xususan, Bo‘stonliq va Parkent tumanlarida yil davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari tahlil qilinib, davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga 1.30. “Boshqa xavf-xatarlar” yo‘l belgisi va haydovchilarni ogohlikka chorlovchi yo‘l belgilari o‘rnatildi. 

Xuddi shu ko‘rinishdagi yo‘l belgisi Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi “Olmaliq – Toshkent” avtomobil yo‘lliga, Yuqori Chirchiq, Chinoz, Parkent, Bo‘stonliq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bekobod tumanlari hududidan o‘tgan avtomobil yo‘llarida ham o‘rnatildi. Bundan tashqari, tuman-shaharlarda avtomobillarning harakat tezligini qayd etuvchi “radar” moslamalari ham o‘rnatilmoqda. 

Shu bilan birga, jamoatchilik asosida ko‘maklashuvchi “Yo‘l posboni”lari faoliyati ham tashkil etildi. Tegishli buyruq asosida 250 nafar ko‘ngilli fuqarolar “Yo‘l posboni”lari safiga qabul qilinib, ularga nur qaytaruvchi kamzul, maxsus tayoqcha va qabul qilingani to‘g‘risida guvohnomalar berildi. Shuningdek, ularga qonunchilikda belgilangan vazifalar, huquqlar va amalga oshirishi zarur bo‘lgan ishlar tushuntirib o‘tildi. 

A.Musayev,O‘zA