Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Bekobod tumanidagi Dehqonobod massivida joylashgan “Boybo‘ta” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Bu hududdagi 15 gektarlik maydonda urug‘li va moyli kungaboqar yetishtirilmoqda. Aytish mumkin, ushbu o‘simlik xorijiy nav bo‘lib, asosan rossiyalik investorlar tomonidan moliyalashtirilgan.
Tuman bo‘yicha umumiy 650 gektar maydonda ekilgan kungaboqar navi sifatli urug‘ olish va o‘simlik moyi ishlab chiqarish maqsadida parvarish qilinmoqda. Ushbu kungaboqar navining mahalliy navlardan farqi shundaki, undan odatdagidan ko‘ra ko‘proq yog‘ olish mumkin. Shuningdek, o‘simlikning hosildorligi ham yuqori, iqlim sharoitiga moslashuvchan, urug‘lari unuvchan hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, yetishtirilayotgan kungaboqardan o‘rtacha hisobda gektaridan 3,5-4 tonnagacha hosil olish rejalashtirilgan. Vazir o‘z navbatida, yer unumdorligi va hosildorlikni yanada oshirish uchun ko‘proq o‘g‘itdan foydalanish kerakligi borasida tavsiya berdi. Buning natijasida ekin ildiz tizimini barqaror ozuqa bilan ta’minlashda yerning quvvati me’yor darajasiga yetishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, vazir bunday yondashuvlarning qamrovini yanada kengaytirish, o‘simlik moyi ishlab chiqarishda yangi takliflar taqdim etish, kungaboqarning xorijiy navlarini yurtimiz tuprog‘i va iqlimiga moslashtirish, unumdorligini oshirish kabi yo‘nalishlarda ko‘rsatmalar berdi.
A.Musayev,O‘zA.