Buxoro viloyati Jondor tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kunduzgi qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu xizmat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning sog‘lig‘ini tiklash va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Ibn Sino mahallasida yashovchi Maxfuza opa Qorayeva ham ushbu xizmatdan foydalanuvchi fuqarolardan biri. U farzandli bo‘lganidan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashib, kuchli og‘riqlardan aziyat chekkan. Vaqt o‘tishi bilan bu og‘riqlar sababli yurish va harakatlanishi qiyinlashgan, tik turish ham og‘ir bo‘lib qolgan.

Mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, Mahfuza opa kunduzgi qarab turish xizmatiga jalb etildi. U yerda unga fizioterapiya va uqalash muolajalari tayinlandi.
Ko‘rsatilgan tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari natijasida Mahfuza opaning sog‘lig‘ida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda – u endi mustaqil ravishda harakatlana olmoqda, kundalik faoliyatida faollik ortgan.

–Davlat rahbariga rahmat, mana shunday xizmatlar orqali hayotga qaytdim, –deydi Mahfuza opa Qorayeva. –Ahvolim kundan-kun og‘irlashib borayotgandi. Lekin davlatimizda mana shunday oliyjanob ishlar amalga oshirilayaptiki, mening hayotga bo‘lgan qiziqishim ortmoqda. Sog‘ligim tiklanib, farzandlarimni tarbiyalashga bosh-qosh bo‘layapman.
Jondor tumanida yo‘lga qo‘yilgan bu xizmat nafaqat fuqarolarning sog‘lig‘ini tiklash, balki ularning jamiyat hayotiga faol qaytishini ta’minlashda ham muhim rol o‘ynamoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri