Bulung‘ur tumanida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tumanning Istiqlol mahallasida tadbirkor Sarvinoz Bahodirova tomonidan tashkil etilgan muassasa kambag‘allik reyestri yoki Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oila a’zosi bo‘lgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj 7 nafargacha shaxsga xizmat ko‘rsatadi.
– Kunduzgi parvarish xizmati haftada besh kun, ya’ni ish kunlarida faoliyat olib boradi – deydi Sarvinoz Bahodirova. – O‘zgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan kishilar kuniga sakkiz soatgacha vaqtlarida shu yerda o‘tkazadilar. Xodimlarimiz ularga qarab turish bilan birga muloqot qilish, shaxsni o‘ziga o‘zi xizmat qilish, yengil sport mashqlarini bajarishga o‘rgatadi. Bir mahal issiq ovqat, ikki mahal yengil taom beriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda viloyatning 15 tuman va shaharida shu kabi kunduzgi parvarish xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri