Andijon – O‘zbekiston deb atalmish jannatmonand yurtning o‘ziga xos, go‘zal va ohangrabo maskanlaridan biri. U dunyoga mashhur olimu shoirlar, zukko va omilkor insonlar, mirishkor dehqonu qilni qirq yoradigan tadbirkorlar yurti. Mehmondo‘st, bir so‘zli andijonliklar barcha sohalarda hamisha ilg‘orlar safida bo‘lishga intilib kelmoqda.
Andijon viloyati 1941 yil 6 martda tashkil topgan. Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida joylashgan. Maydoni 4,3 ming km². Respublika hududining 1 foizini, aholisi esa 10 foizini tashkil etadi. Ayni kunda viloyatda 3,5 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Viloyat hududida Andijon, Xonobod shaharlari hamda 14 ta tuman tarkibida 882 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud.
Andijon rivojlangan sanoat va kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalar, boy mehnat resurslari, dehqonchilik bobidagi o‘ziga xos tajriba maktabi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Viloyatda qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, yengil sanoat, farmatsevtika sohalari rivojlangan. Ayniqsa, keyingi uch yil ichida qurilish, obodonlashtirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni alohida e’tirof etish o‘rinli.
Viloyatda 37 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat olib boradi, ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 61 foizni tashkil etadi. Shuningdek, 5 mingdan ziyod sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda.
bugungi kunda viloyatda 764 ta maktab, 1 ming 719 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 450 dan ortiq tibbiyot muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
[gallery-2806]
Joriy yilning birinchi choragida 1 ming 545 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, 5 ming 52 ta ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, umumiy qiymati 466 milliard so‘mlik 94 ta loyiha ishga tushirildi.
Birinchi chorakda viloyatda 6 trillion 591,7 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Umuman, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga, chakana savdo aylanmasi 2,8 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi qariyb 13,4 foizga, qurilish ishlari 38,2 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish xajmi 3,3 foizga oshgan. Aholi turmush farovonligini yuksaltirish, hududlarni obod qilish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Umuman, Andijonda va andijonliklar hayotida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar eng avvalo, odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashash ishtiyoqini, ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchini oshirmoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik bayramiga tayyorgarlik doirasida mahallalarda, mehnat jamoalarida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlariga har qancha havas qilsa arziydi. Bugun viloyatning qay bir go‘shasiga bormang, xayrli va ibratli ishlarning guvohi bo‘lasiz.
Kundan kunga obod bo‘layotgan Andijonga keling, mehmondo‘st andijonliklar Sizni xush kayfiyat bilan kutib oladi, albatta, Andijoncha osh bilan siylaydi.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA