French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kundalik.com” platformasi “e.maktab.uz"ga o‘zgarmoqda
16:47 / 2023-08-26

“Kundalik.com” - bu raqamli ta’lim platformasi bo‘lib, o‘quvchilarning davomati va yutuqlarini jurnal hamda kundalikning elektron shaklida yuritish imkonini bergan.

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi matbuot xizmatidan  ma’lum qilishlaricha, yangi o‘quv yilidan e’tiboran, “Kundalik.com”  platformasi o‘z faoliyatini  “e.maktab.uz” sifatida davom ettiradi.

Xo‘sh,  “e.maktab.uz”ning qanday afzalliklari bor?  Platformani o‘zgartirishga nima sabab bo‘ldi?

Bu savolga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutaxassisi  Arslonbek Rahmonqulov javob beri:  

-  “Kundalik.com”  platformasida ayrim kamchiliklar bor edi. Noto‘g‘ri talqinlarni bartaraf etish maqsadida  “e.maktab.uz” platformasiga o‘tishga qaror qilindi.

Bu tizimni yaratish uchun  soha mutaxassislari ko‘p izlanish va o‘rganishlar olib bordi.  Tizim yanada takomillashtirildi va  zamon talablariga moslashtirildi.  

“e.maktab.uz” nafaqat elektron kundalikni va elektron jurnalni, balki  o‘qituvchilar uchun   “kundalik smart” tizimini ham o‘z ichiga olgan.  

Bunda o‘qituvchi uyga vazifa berayotganida  raqamli ta’lim resurslaridan foydalangan holda bolalarni ta’limga jalb qilish uchun ko‘pgina imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Misol uchun, o‘qituvchi o‘quvchiga uyga vazifani o‘yin yoki multfilm shaklida berishi ham mumkin.  

Qayd etish lozimki, “e.maktab.uz” platformasiga o‘tish uchun ijtimoiy so‘rovnomalar tashkil qilindi, jamoatchilik fikri o‘rganib chiqildi.  

“e.maktab.uz” platformasiga o‘tish o‘qituvchini ortiqcha qog‘ozbozlik tashvishidan ozod etadi. Shaffoflikni ta’minlaydi. Eng asosiysi, ota-onalar farzandining ta’lim olish jarayonini nazorat qilishga jalb qilinadi. Ota-ona bu mobil ilovani yuklab olsa, dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin,  farzandining davomatini, baholarini va ertangi dars rejalarini tekshirish imkoniga ega bo‘ladi.  

Oldingi holatda baholarni o‘zgartirish, o‘quvchi kundalikni yo‘qotib qo‘yish kabi muammolar ko‘p uchragan. Endi “e.maktab.uz” platformasida bu muammolar bo‘lmaydi.  Bu platformada har bir o‘zgartirish o‘z izini qoldiradi.

Yangi baholash tartibi o‘quvchilarning  umumta’lim fanlarini  o‘zlashtirishini yagona standartlar asosida baholash tartibini belgilaydi. O‘quvchilarning biror bir fanni o‘zlashtirishi formativ va summativ baholash turlari asosida  baholab boriladi.  

Formativ baholash - bu o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi doimiy fikr almashish, muloqot qilish jarayonidir.  Formativ baholash asosan o‘quvchini yo‘naltirish, rag‘batlantirish xususiyatiga ega. Bu o‘quvchiga ko‘proq rag‘bat, motivatsiya berishga xizmat qiladi.  

Summativ baholash esa ma’lum bir bob yakunida o‘quvchi egallashi kerak bo‘lgan standart bilim va ko‘nikmalar baholanadi.  

Summativ va formativ baholash tizimi ta’limi rivojlangan deyarli barcha mamlakatlarga joriy etilgan bo‘lib, bu tizim kelgusida maktab ta’limida inson omili, nisbiy baho berishga barham berish, o‘quvchilarni haqqoniy baholashga xizmat qiladi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA