Shunday davrlar yetib keldi. Viloyatlarda eksport masalasi faqat sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari vakillari ishtirokida muhokama qilinar edi. Endi Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportidagi dolzarb masalalar alohida muhokama qilindi.
Unda hududlardagi qishloq xo‘jaligi bo‘limlari mas’ul rahbarlari, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limlari boshliqlari, agronomlar va inspektorlar, shuningdek, eksportyor korxonalar rahbarlari ishtirok etdi. Buning asosli sabablari bor edi. Agar Farg‘ona viloyatida 2025-yilda 1,1 mlrd dollarlik mahsulot 67 ta davlatga eksport qilingan bo‘lsa, uning 402 mln.dollarligi qishloq xo‘jaligi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan. Bu yil farg‘onalik dehqon-u bog‘bonlar bu raqamni 500 mln. dollarga yetkazishmoqchi. Yoki o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 125 foizga yetishi lozim.

Tadbirda 2026-yil hosili uchun eksportbop va yuqori hosildor ekinlarni joylashtirish, hududlarda yetishtirilayotgan mahsulotlar uchun ichki fitosanitar sertifikatlarni to‘liq va o‘z vaqtida rasmiylashtirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.

Mavjud yer va suv resurslaridan to‘liq va samarali foydalanib, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali mahsulot yetishtirish hajmlarini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Seminar yakunida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA