Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kun tartibida – kimyo sanoatiga investitsiya jalb etish
20:32 / 2024-05-03

Toshkent xalqaro investitsiya forumida yurtimiz sarmoyaviy muhitini yaxshilash, iqtisodiyotga yangiliklarni joriy qilish, jahon tajribasini mamlakatimiz bo‘ylab tatbiq etish, xorijiy investor, biznesmenlar bilan yangi loyihalar ustida ish boshlash borasida qator natijalarga erishildi.

Jumladan, “Kimyoviy ishlab chiqarishga investitsiya: muvaffaqiyat sari yo‘l” sessiyasida mamlakatimiz kimyo sanoatining jadal rivojlanish strategiyasi va investitsiyaviy jozibadorligi taqdim qilindi.

– O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha bir qarorga keldik, – deydi “Linde” kompaniyasi Yevropa-Sharqiy mintaqasi prezidenti Matias Krans. – “Navoiy Azot” bilan qo‘shma korxona ochmoqchimiz. Loyihani amalga oshirish uchun mamlakat bozoridagi sharoitni, talabni o‘rgandik. Qayd etish joiz, O‘zbekiston jiddiy natijalarga erishgan. Aholi orasida yoshlar ko‘pchilik, bu biznesda juda muhim. Bozor erkinligi ham bizga qulaylik yaratadi. Hamkorlikka to‘liq tayyormiz. Ayni jarayon eksportga ham turtki beradi. Biz 145-yillik boy tajribaga egamiz. Chiqindini kamaytirish ko‘nikmamiz ham yetarli. Bizning yo‘nalishlar O‘zbekistonda ham muhim. Shuning uchun birga ishlamoqchimiz.

Mineral o‘g‘itlar va qazib olishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston kimyo sanoati qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish xavfsizligini ta’minlash uchun sharoit yaratadi.

– Xorijiy hamkorlar bilan qator loyihalar yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Akbar Qurbonov. – Masalan, “Indorama” 2018-yildan beri hamkorimiz. Qo‘qonda barpo etilgan zavodimizda ayni payt yiliga 1 million tonna o‘g‘it ishlab chiqarilyapti. Bizda ijara narxi ham bozordan ancha past. Tadbirkorlar texnik imkoniyatidan foydalanib, ularga mos inshootlar taqdim etiladi. Biz xorijiy xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlaymiz. Birgina “Navoiy Azot”da 90 dan ziyod, “O‘zkimyosanoat” miqyosida esa 190 ga yaqin turda mahsulot ishlab chiqariladi. Xususiy biznesga ko‘maklashish – asosiy maqsadlarimizdan biri.

Sessiyada hukumat va xususiy sektor tomonidan kimyo sanoatining yillik o‘sish sur’atini, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish reja va strategiyalari taqdim etildi.

Go‘zal Sattorova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA