Vatanimiz tarixidagi 5 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1514 yil (bundan 510 yil oldin) – Astroboddan 8 farsax masofada joylashgan Oq Mashhad degan joyda temuriyzoda Muhammad Zamon Mirzo va unga qarshi xoja Muzaffariddin boshchiligida yuborilgan qizilboshlar o‘rtasida shiddatli urush bo‘ldi. Ikki kun davom etgan bu jangda Muhammad Zamon va uning ittifoqchilari mag‘lubiyatga uchradi. Shahzoda bilan birikkan xurosonlik amirlar o‘z yurtlariga qochib ketdilar.
1912 yil (bundan 112 yil oldin) – xivalik tarixchi va tazkiranavis Hasanmurod Laffasiyning “Gulshani saodat” asarida qayd etilishicha, Xiva shahrida pochta va telegraf ochildi. Bunga qadar xat yoki telegramma yuborish uchun Xivadan Yangi Urganchga, 60 verst (taxminan 64 kilometr) masofaga borilar edi, endi xalqning uzog‘i yaqin bo‘ldi.
Xonlik poytaxtida yuz bergan ushbu voqeani muallif quyidagicha qayd etgan: “Ushbu yil yigirma beshinchi mohi zulqa’da (1912 yil 5 noyabrda) po‘shta teleg‘romxona binosi bitib erdi, xon hazratimiz (Asfandiyorxon) xushnud bo‘lub, tamomi ulamolarg‘a to‘y berib, po‘shtaxonani obod qilib, yurt manfaati uchun xushnud bo‘ldilar...”
1917 yil (bundan 107 yil oldin) – Husayn Makayevning noshirligi va muharrirligi ostida «Farg‘ona nidosi» gazetasi nashr etila boshlandi. Biroq uning 19-soni chiqqach to‘xtab qoldi.
1919 yil (bundan 105 yil oldin) – Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining “Arxiv ishini qayta tashkil etish va markazlashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu qarorga asosan 1917 yilga qadar bo‘lgan barcha idoraviy arxivlar tugatildi, arxiv hujjatlari Turkiston Respublikasining Yagona davlat arxiv fondi(YADAF)ni tashkil qiladi, deb e’lon qilindi. YADAFni boshqarish uchun Turkiston Respublikasi Arxiv ishi bosh boshqarmasi tashkil qilindi. YADAFga 1917 yil 25 oktyabrgacha bo‘lgan barcha hujjatlar topshirilishi kerak edi.
1929 yil (bundan 95 yil oldin) – Toshkentda ma’rifatparvar Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi 38 kishi qamoqqa olindi. Oradan ko‘p o‘tmay qamoqqa olinganlar soni 87 kishiga yetdi. Ularga “Milliy Ittihod” va “Milliy Istiqlol” tashkilotlarining a’zolari degan ayb qo‘yildi. Tergov jarayoni keyinchalik, Moskvaga ko‘chirildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1931 yil 25 aprelda Moskvada bo‘lib o‘tgan sud majlisida Munavvarqori boshchiligidagi millatning 15 fidoyisi bo‘lgan “Milliy Istiqlol” a’zolari otib o‘ldirishga, qolgan 72 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. O‘zbek xalqining 15 farzandi Moskva atrofida otib tashlandi. Qamoqdan ham deyarli hech kim Toshkentga qaytib kelmadi.
1956 yil (bundan 68 yil oldin) – O‘zbekistonda televizion ko‘rsatuvlar rasman efirga uzatila boshlandi. Toshkent televizion studiyasi tashkil qilindi. Bu studiya o‘z ko‘rsatuvlarini shu yili bunyod etilgan 180 metr balandlikdagi Toshkent televizion minorasi orqali efirga uzatgan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, telemarkaz 1958 yil ko‘chma telestansiyaga ega bo‘lib, o‘z ishini Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik teatrdan 8 martga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishni olib ko‘rsatishdan boshlagan.
1977 yil (bundan 47 yil oldin) – O‘zbekiston Madaniyat vazirligining San’atshunoslik instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti va Samarqand ta’mir ustaxonasi mutaxassislaridan iborat komissiya tomonidan Shohizinda ansambli maqbaralaridan biridagi qabr ochib tekshirildi. Undan ayol kishining qoldiqlari topildi. Antropolog olim Telman Xo‘jayevning aniqlashicha, bu skelet 30–35 yoshlar chamasidagi ayol suyaklari ekan. O‘zbekiston me’morchiligi tarixi, nazariyasi va ta’miri bo‘yicha yetakchi mutaxassis Po‘lat Zohidovning qayd etishicha, mazkur maqbaraga Amir Temurning suyukli xotini Bibixonimning onasi ko‘milgan.
Olimning xulosa qilishicha, onasi qizi Bibixonimga nisbatan ancha yosh paytida vafot etgan. Tarixiy manbalarda ushbu ayolning ismi O‘ljaoyim deb ko‘rsatilgan. Mazkur qo‘sh gumbazli ulkan imorat bunga qadar Ulug‘bekning ustozi va safdoshi, yirik matematik va astronom olim, o‘z davrida zamondoshlari tomonidan “Aflotuni zamon” deb sharaflangan Qozizoda Rumiyning qabri ustiga qurilgan maqbara sifatida ko‘rib kelingan.
Po‘lat Zohidovning yozishicha, bunday fikr dastlab arxeolog, tarixchi Mixail Massonning 1941 yilda chop etilgan Ulug‘bek rasadxonasi haqidagi risolasida e’lon qilingan. Keyinroq arxeolog va sharqshunos Vasiliy Shishkin imoratdagi arabiy yozuvlar mazmuniga asoslanib, Mixail Massonning fikrini qat’iyan tasdiqlab chiqqan. Endi ma’lum bo‘lishicha,birinchi olim faqat taxmin bilan maqbarani Qozizoda Rumiy nomi bilan bog‘lagan bo‘lsa, ikkinchi olim esa shu taxmin ta’siri ostida tarixiy yozuvni biroz noto‘g‘ri tarjima etgan ekan. U holda Qozizoda Rumiyning qabri va maqbarasi qayerda, degan savolga hozircha aniq javob yo‘q.
Hozirda Shohizindadagi qo‘shgumbazli ushbu bino O‘ljaoyim xonaqohi nomi bilan yuritiladi. U AmirTemur davrining ajoyib yodgorligi bo‘lib, unda o‘zaro bog‘langan ikki chorsi xona: kattasi – ziyoratxona, shimol tomonidagi kichigida – go‘rxona joylashgan. Go‘rxonada bitta qabr toshi, uning ostida tagxona – sardoba bor. Xonalar baland, usti ko‘k gumbazlar bilan bog‘langan, koshinkor va bezaklari jozibali. Ichkaridagi naqshli bezaklari nozik va nafis.
1997 yil (bundan 27 yil oldin) – Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Hazrati Bashir qishlog‘ida yashab Naqshbandiy ta’limotini keng ko‘lamda targ‘ib qilishda tanilgan Hazrati Sulton Said Ahmad Bashirning me’moriy majmuasi ochildi.
1999 yil (bundan 25 yil oldin) – Urganchda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan katta tantanalar bo‘lib o‘tdi. Shaharda yubiley sharofati bilan bunyod etilgan jasur sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdining me’moriy yodgorligi ochildi. Yodgorlik markazida – qilich dastasini ushlagan sulton Jaloliddin Manguberdining katta haykali bunyod etilgan edi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini (TIAC) tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va «Workout» sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi