Vatanimiz tarixidagi 10 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1839 yil (bundan 181 yil oldin) – Ogahiyning “Riyoz ud-davla” asaridan ma’lum bo‘lishicha, Xiva xoni Olloqulixon janglar vaqtida vafot etgan Muhammad Niyoz yasovulboshining o‘rniga uning o‘g‘li Rahmatullani yasovulboshi qilib tayinladi. Rahmatulla yasovulboshi sarkarda bo‘lib, uning ixtiyorida turkmanlarning yovmud urug‘idan shakllangan ko‘p ming kishilik guruh bor edi.
Rahmatulla yasovulboshi to umrining oxirigacha, ya’ni 1890 yilgacha shu mansabda bo‘lgan. 1873–1880 yillarda, rus qo‘shiniga asir tushib, 7 yil Kalugada bo‘lgan vaqtidagina tanaffus qilgan. Asirlikdan qaytganidan keyin, o‘z ishini davom ettirgan. Rahmatulla yasovulboshi asir tushgan mahalda uning o‘g‘li Begjonbek yasovulboshi otasining vazifasini bajarib turgan.
Tarixchi Omonulla Mutalovning qayd etishicha, Xiva xonligida ichki ishlar, qamoqxonalar, shuningdek, xonni qo‘riqlash ishlari yasovulboshi qo‘lida bo‘lgan. Maxfiy farmonlar ham uning qo‘lida turar edi. Saroyda yasovulboshi devoni (yasovulxona) faoliyat ko‘rsatgan. Maxfiy farmonlar aynan shu yerda saqlangan. Yasovulboshi askariy qismlarga qo‘mondonlik qilgan. U xonlikdagi yuqori sarkarda ham hisoblanib, yasovulboshilar soni ikki nafar bo‘lgan.
Yasovulboshining asosiy vazifasi xonning farmoniga muvofiq askarini vaqtida urushga boshlab borish edi. Tinchlik vaqtlarida esa ular xonga bo‘ladigan murojaatlarni tinglaydigan qabul marosimlarida hozir bo‘lishgan. Har bir yasovulboshining bir necha yordamchisi bo‘lib, ular yasovullar deb atalgan. Arznomani tekshirish uchun xondan farmon olgach, yasovulboshi o‘z yordamchilaridan birini shikoyatchiga qo‘shib, hodisa yuz bergan joyga jo‘natgan.
1904 yil (bundan 116 yil oldin) – tarixchi olim Ne’mat Polvonovning qayd etishicha, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Feruz farmoniga muvofiq Urganchda dastlabki jadid – yangi usul maktabi ochildi. Unda Turkiyadan kelgan Husayn Qo‘shayev degan o‘qituvchi yoshlarga ta’lim bergan. Mazkur maktabda dastlab 14 nafar o‘quvchi ta’lim olgan bo‘lsa, dekabr oyiga kelib ular soni 55 nafarga yetgan.
Husayn Qo‘shayev tashabbusi bilan 1906–1907 o‘quv yilida ilg‘or ma’rifatparvar kishilar va oqsoqollar istak va yordamlari bilan Urganchda qizlar maktabi ochilgan. Muhammad Rahimxon II Feruz Urganchga borib, maktab ishi bilan tanishib, Husayn Qo‘shayevga sarupo kiygizgan, xazina hisobidan yordam ajratgan. Mazkur maktabda Husayn Qo‘shayevning turmush o‘rtog‘i Komila Qo‘shayeva qizlarga bilim bergan.
1916 yil (bundan 104 yil oldin) – biokimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Yolqin To‘raqulov tavallud topdi (vafoti 2005 yil). U 1947–1950 yillarda Toshkent tibbiyot instituti, 1970–1972 yillarda Samarqand davlat universiteti rektori lavozimida ishlagan.
1935 yil (bundan 85 yil oldin) – Toshkentda birinchi marta erkin atmosferada meteorologik elementlarni o‘lchaydigan va shu ondayoq natijalarini radiosignallar orqali Yerga uzatadigan ayerologik asbob – radiozond osmonga chiqarildi.
1985 yil (bundan 35 yil oldin) – tarixchi Bahodir Isakovning yozishicha, O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining shu kuni qabul qilingan 556-sonli qaroriga muvofiq aholiga kosibchilik va xunarmandchilik bilan shug‘ullanish ta’qiqlab qo‘yildi. Aksincha, bu sohani rivojlantirish orqali aholi bandligini oshirish hamda bir qator ijtimoiy muammolarni ham hal etish mumkin edi.
1993 yil (bundan 27 yil oldin) – Togo Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining suverenitetini tan oldi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirish, ulkan hududda tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi