Vatanimiz tarixidagi 6 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1398 yil (bundan 626 yil oldin) – Amir Temur tariqat pirlari, qutblar va avliyolar sultoni Shayx Farid Shakarganj qabrini ziyorat qildi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida ushbu voqea quyidagicha qayd etilgan: “Bas, sohibqiron seshanba kuni oyning yigirma beshida (6 noyabrda) Ajudang‘a kirib, sidqu e’tiqodi bila Shayx Farid Shakarganjni, qaddasa sirruhu, mazoriga borib tavof qildi. Ul azizning ruhidin himmat tilab, andag‘i fuqaro va masokinga ko‘b nima berdi...”
1721 yil (bundan 303 yil oldin) – Rossiya podshosi Pyotr I ning Elchilik mahkamasi mas’ul xodimi Florio Beneveni boshchiligidagi elchilar Buxoroga yetib keldi. Florio Beneveni va uning hamrohlarini Buxoroga 10 verst (taxminan 16 kilometr) qolganda yo‘l ustida Buxoro to‘pchiboshisi boshliq 50 kishidan iborat saroy mulozimlari kutib oldi. Takabbur elchi muqaddas shaharda qabul qilingan odatni buzib, go‘yo bu udumni bilmagandek Buxoroga yayov emas, balki otda kirdi.
Pyotr I elchiga o‘z imzosi bilan maxsus yo‘riqnoma tuzib bergan edi. Unga ko‘ra, Florio Beneveni Buxoro xonligining chegarasini, atrofidagi davlatlarni va ular bilan bo‘lgan munosabatlarini, yerosti boyliklarini, Amudaryoda oltin bor-yo‘qligini, harbiy jihatdan qanchalik qudratga ega ekanini bilib kelishi kerak bo‘lgan. Rossiya elchiligi Buxoroda uch yarim yil (1725 yil 8 aprelgacha) turdi va podshoning topshiriqlari bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar to‘pladi.
1917 yil (bundan 107 yil oldin) – davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov tavallud topdi (vafoti 1983 yil). U 1950–1959 yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi bo‘lgan. 1959 yildan to umrining oxiriga qadar O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi Birinchi kotibi sifatida faoliyat yuritgan. U 1994 yilda Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyi me’moriy majmuasi uchun qurilish g‘oyasining muallifi va ijodiy rahbari sifatida vafotidan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
1977 yil (bundan 47 yil oldin) – Toshkent metropolitenining uzunligi 12,2 kilometr bo‘lgan birinchi yo‘nalishining birinchi navbati ishga tushirildi. Shu kuni Chilonzor yo‘lining to‘qqizta bekati faoliyat boshladi. Uning qurilishi 1972 yil yanvar oyida boshlangan edi.
1992 yil (bundan 32 yil oldin) – Sharof Rashidov muzeyi ish boshladi. Muzey ekspozitsiyalarida Sharof Rashidovning Buyuk Britaniya ministri D.Makmillan, Indoneziya Prezidenti Suxarto, Kuba Prezidenti Fidel Kastro, Vetnam davlati rahbari Xo Shi Min, Eron shahanshohi Rizo Pahlaviy, Afg‘oniston qiroli Muhammad Zohirshoh, Bangladesh milliy partiyasi prezidenti Muzaffar Ahmad, Hindiston bosh vaziri Javoharlal Neru, keyinchalik Indira Gandi bilan uchrashuvlari aks ettirilishi bilan bir qatorda, Kuba, Birma, Hindiston, Jazoir va Vetnamdan berilgan sovg‘alar ham o‘rin olgan. R.Yarmatovning qayd etishicha, Sharof Rashidov 1979 yilda Moskvada o‘tkazilgan xokkey bo‘yicha Yevropa chempionatiga, 1980 yil bo‘lib o‘tgan Olimpiadaga faxriy mehmon sifatida taklif qilinadi. Muzeydan Yevropa chempionati va Olimpiadadan berilgan esdalik sovg‘alari ham o‘rin olgan edi.
1998 yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkentda 19 oktyabr Parijda ochilgan YUNESKO Ijroiya kengashi 155-sessiyasining yakunlovchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni YUNESKO Ijroiya kengashining raisi Pal Pataki ochdi. Sessiyada YUNESKO Bosh direktori Federiko Mayor O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga Abu Ali Ibn Sino nomidagi Oltin medalni topshirdi.
1999 yil (bundan 25 yil oldin) – Termizda ajdodlarimiz badiiy dahosining bebaho yodgorligi – “Alpomish” dostonining ming yilligi nishonlandi. Termiz shahri markazida barpo etilgan katta bog‘da tantanali bayram bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda yodgorlik majmui ochildi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – Jizzax shahrida Sharof Rashidovning haykali ochildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi oldidan qayta qurib bitkazilgan adibning memorial muzeyida ham bo‘ldi. Shu kuni Jizzax viloyati musiqali drama teatrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini ta’sis etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi