Vatanimiz tarixidagi 17 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1421 yil (bundan 603 yil oldin) – Temuriylar hukmdori Shohrux Mirzo Mashhaddagi Ali ibn Muso ar-Rizaviyning qabri ziyoratidan qaytib, hukmdorlik taxti joylashgan Hirotga yetib keldi. Tarixchi olim Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida Shohruxning mazkur ulamo qabrini ziyorat qilishga bir necha bor tashrif buyurgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Shohrux Mirzo o‘zining 1418 yilgi ziyoratlaridan birida Mashhadga yetgach, ziyorat shartlarini bajo keltirib muhtojlarga nazr-sadaqalar ulashgan hamda yaxshi niyat bilan yasatib bezattirgan uch ming misqol (qariyb 13 kilogramm) tillodan ishlangan bir qandilni Ali ibn Muso Rizaviyning maqbarasi gumbaziga ostirgan edi.
1442 yil (bundan 582 yil oldin) – temuriyzoda Shohrux tomonidan Abdurazzoq Samarqandiy boshchiligida Janubiy Hindistonga yuborilgan elchilar to‘qqiz oydan ko‘p yo‘l yurib, Fors qo‘ltig‘i hamda Hind okeani orqali port shahar Kolikut (Kalikut)ga yetib keldilar.
Shohruxning elchilari bu shaharda besh oy davomida qoldilar. Shundan so‘ng Janubiy Hindistondagi eng yirik davlat – Bijanagar (Vijayanagar) podshohi Kolikut voliysiga Temuriylar davlati elchisini uning huzuriga jo‘natish to‘g‘risida maktub yo‘lladi va Abdurazzoq Samarqandiy mazkur davlatga tashrif buyurdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Kolikutga elchi yuborilishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgan. O‘sha kezlarda Janubiy Hindistondan ko‘plab kemalar to‘xtaydigan mustaqil yirik savdo porti bo‘lmish Kolikut shahrining voliysi Temuriylar davlati dovrug‘idan ta’sirlanib, Shohrux Mirzoga elchi yo‘llab, uning nomini xutbaga qo‘shib o‘qish uchun ijozat berishini so‘ragan edi.
Aynan Shohrux huzuriga kelgan elchi hukmdordan Kolikutga elchi yuborishini iltimos qilgandi. Bunga javoban Shohrux Kolikutning voliysiga atab ot, po‘stin, tillado‘zi dakala va kulohi navro‘zi tayin qilib, amirlariga Kolikutga elchi yuborishni buyurdi. Shu tarzda Abdurazzoq Samarqandiy mazkur elchilikni boshlab, 1442 yilning 13 yanvarida yo‘lga chiqqan edi.
1905 yil (bundan 119 yil oldin) – Rossiya imperatori “So‘z va vijdon erkinligi haqida” Manifest e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Buni Turkiston jadidlari katta quvonch bilan kutib oldilar. Shundan so‘ng jadidlar millat himoyasi uchun jangovar qalqon va muazzam minbar bo‘lgan gazeta va jurnallarni tashkil etish uchun shahdam kurashdilar. Natijada “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” kabi qator gazetalar nashr qildilar. Ular Buxoro mutafakkirlariga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan edi.
Turkistonda jadid matbuotining yuzaga kelishi shu davr uchun katta progressiv hodisa edi. G‘aflatda yotgan xalqni uyg‘otish va uning siyosiy-ma’naviy ongini yuksaltirishda davriy matbuotning muhim o‘rin tutishini anglab yetgan taraqqiyparvar jadidlar bu boradagi ishlarni jadallashtirib yubordilar.
1927 yil (bundan 97 yil oldin) – oftalmolog, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Abduaziz Yusupov tavallud topdi. U 1969–1974 yillarda Samarqand tibbiyot institutining prorektori lavozimida ishlagan. U ilk bor uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik kasalligini davolashda ko‘zning shox pardasi va oqsil pardasida operatsiya o‘tkazish usulini amaliyotga joriy etdi.
1936 yil (bundan 88 yil oldin) – informatika va kibernetika sohasidagi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, akademiyaning 1994–2001 yillardagi vitse-prezidenti Mirzoyan Komilov tavallud topdi.
1956 yil (bundan 68 yil oldin) – Gazli maydonidagi 600 metrlik quduqdan kuchli gaz favvorasi otilib chikdi. Bu bilan O‘zbekiston neft-gaz sanoatida yangi davr boshlandi.
1990 yil (bundan 34 yil oldin) – Termiz viloyat televideniyesi ishga tushdi.
1992 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi bilan Vatikan o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Kommyunike qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi