Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KUN TARIXI:  O‘n yoshida taxtga o‘tirgan amirning taqdiri qanday tugagan?
09:15 / 2020-11-20

Vatanimiz tarixidagi 20 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

961 yil (bundan 1059 yil oldin) – Somoniylar davlatining o‘n yetti yoshli amiri Abdulmalik ibn Nuh chavgon o‘ynab turib, otdan yiqilib halok bo‘ldi. U otasi Nuh ibn Nasr vafotidan keyin o‘n yoshida taxtga o‘tirib, 954–961 yillarda hukmronlik qilgan edi. Tarixchi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida uning hukmronlik davri haqida quyidalar bayon etilgan:

“Amiri hamid (Nuh ibn Nasr) dunyodan o‘tgach, Amiri rashid (Abdulmalik ibn Nuh)ga bay’at etdilar. U o‘n yoshida podshohlikka o‘tirdi. Amiri hamidning vafot etganligi xabari viloyatlarga yetgach, har kim bir viloyatga ega bo‘lishni tama qildi. (Amiri rashid) Ash’as ibn Muhammad ibn Muhammadni Xurosonga yuborgan edi, unga Hirot va Isfahonda ko‘p janglar qilishga to‘g‘ri keldi va u viloyatlarni bo‘ysundirdi.

U hali shu ish bilan mashg‘ul bo‘lib, jang qilayotgan ediki, Amiri rashid otdan yiqildi va shu kechasiyoq vafot etdi. U kecha chorshanba kechasi bo‘lib, uch yuz elliginchi yil shavvol oyidan sakkiz kun o‘tgan (milodiy 961 yil 20 noyabr) edi. Uning podshohlik muddati yetti yil bo‘ldi. Uni dafn qilganlaridan keyin lashkar isyon qilib qo‘zg‘olon ko‘tardi va har kim podshohlikni tama qilib, g‘alayonlar yuz berdi”.

1528 yil (bundan 492 yil oldin) – hijriy-qamariy 935 yil rabiulavval oyining sakkizinchi kuni (milodiy 1528 yilning 20 noyabr kuni) Zahiriddin Muhammad Bobur biroz muddat davom etgan kasallikdan shifo topganidan keyin “Hasht behisht” bog‘ida bo‘lgan bir to‘yda ishtirok etdi. U yerda Bobur hirotlik tarixchi G‘iyosiddin Xondamir bilan uchrashdi. Bobur o‘z asarida Xondamirni “ajoyib inson edi”, deb ta’riflagan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, tarixchi Xondamir o‘n uchta asar yozgan, bizgacha ulardan sakkiztasi yetib kelgan. U 1528 yil sentyabrida Hindistondagi Bobur huzuriga butunlay xizmat uchun borib, Bobur vafotidan so‘ng Humoyun podshoh xizmatida bo‘lgan. Xondamir o‘zining “Humoyunnoma” asari uchun “Amir ul-muarrixin” (“Tarixchilar amiri”) unvoniga sazovor bo‘lgan. Hirotlik tarixchi o‘z vasiyatiga binoan Dehlidagi Nizomiddin Avliyo maqbarasi ichida mashhur shoir Xusrav Dehlaviy qabri yoniga dafn qilingan.

1819 yil (bundan 201 yil oldin) – Xiva xoni Muhammad Rahimxon elchi Nikolay Muravyovni qabul qildi. Elchi xonga Rossiya hukumati yuborgan in’omlarni topshirdi. Oradan bir kun o‘tgandan so‘ng, ya’ni 21 noyabrda rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Uchrashish marosimi tamom bo‘lgandan so‘ng, Nikolay Muravevga xonning in’omlari berildi va o‘z vataniga qaytishga ruxsat etildi. 27 noyabrda Nikolay Muravyov va xon tomonidan tayin etilgan Xiva elchilari: yuzboshi Eshnazar va Yoqubboy Xivadan jo‘nab ketdilar.

Tarixchi Umarbek Sheripovning yozishicha, Xon bilan suhbatdan keyin Muravyov o‘z hisobotida “Muhammad Rahimxon butunlay yangi davlat barpo qildi, deyish mumkin. Endilikda bu davlat O‘rta Osiyodagi eng kuchli xonliklar jumlasiga kiradi”, – deb yozgan edi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, kapitan Muravyov Kavkazdan elchi sifatida shu yili oktyabr oyining boshida kelgan. Xon uni qabul qilmasdan, “josus bo‘lsa kerak” degan shubha bilan Qo‘shko‘pirdagi Ilgaldi qishlog‘ida qirq kundan ortiq kutib turishga majbur qilgan. Rus tarixchisi I.N.Zaxarinning ta’kidlashicha, Muhammad Rahimxon Nikolay Muravyovning elchi va bojmon niqobi ostidagi harbiy ekanligini ancha keyin bilgan va uning boshini tanasidan judo qilmaganiga afsuslangan.

1919 yil (bundan 101 yil oldin) – mexanika sohasidagi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Halim Usmonxo‘jayev tavallud topdi (vafoti 1993 yil). U 1989 yilda Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.

1934 yil (bundan 86 yil oldin) – aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Obid Yunusov tavallud topdi (vafoti 2015 yil). U – bastakor, xonanda va sozanda, O‘zbekiston xalq artisti, akademik Yunus Rajabiyning o‘g‘li. Obid Yunusov uzoq yillar davomida O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishladi. “Parvona” spektaklidagi O‘tkuriy, shuningdek, “To‘ylar muborak”, “Chinor ostidagi duel”, “Shaytanat” filmlaridagi rollari bilan mashhur. U 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

1941 yil (bundan 79 yil oldin) – Moskva ostonalaridan Toshkentga V.P.Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi anjomlari yuklangan birinchi eshelon yetib keldi. Oradan 40 kun o‘tganidan so‘ng 1942 yil 7 yanvarda aviasozlar O‘zbekistonda birinchi ishlab chiqarilgan jangovar PS-84 va 1942 yil sentyabrda esa yangi Li-2 nomi bilan yaratilgan samolyotlarni frontga jo‘natdilar. Zavod ishchilari ba’zi kunlari 2–3 tadan harbiy samolyotlar ishlab chiqardilar.

1958 yil (bundan 62 yil oldin) – O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi (hozirgi O‘zbekiston Milliy arxivi) tashkil etildi.

2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2017 yil (bundan 3 yil oldin) – Koreya Respublikasida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi faoliyatining birinchi yili haqida koreys tilida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob 50 ming nusxada chop etildi. Ushbu kitob 8 bo‘lim, 320 sahifadan iborat bo‘lib, ko‘plab suratlar bilan boyitilgan. Uning muallifi mashhur jurnalist va yozuvchi Cho Chol Xyondir.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi