Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kun tarixi: “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklidagi Farmonbibi – Zaynab Sadriyeva tavalludiga 110 yil to‘ldi
09:34 / 2024-10-25

Vatanimiz tarixidagi 25 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

25 oktyabr – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Mazkur kun O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 6 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni bilan joriy etilgan. Yurtimizda ushbu kasb bayrami bu yil o‘n sakkinchi bor nishonlanmoqda.  

888 yil (bundan 1136 yil oldin) – tarixchi Narshaxiy (899–959) ning qayd etishicha, somoniylar sulolasiga mansub aka-ukalar: o‘zini butun Movarounnahr boshlig‘i deb bilgan Samarqand hokimi Nasr va o‘zidan taxminan bir yosh katta akasiga itoat etmay qo‘ygan Buxoro hokimi Ismoil o‘rtasida urush boshlandi. Jangda Ismoil Somoniy g‘alaba qozondi. Uning akasi Amir Nasr esa mag‘lubiyatga uchradi.  

Bir guruh xorazmliklar Amir Nasrga yetib olib, uni o‘ldirmoqchi bo‘ladilar. Biroq aka-ukalarning otasiga ham xizmat qilgan sipohsolor xorazmliklarni to‘xtatib qoladi. Ushbu sipohsolor garchi g‘olib tomonga xizmat qilsa-da, otdan tushib mag‘lub amirning uzangisini o‘padi. So‘ngra ushbu vaziyat haqida Ismoil Somoniyga xabar berish uchun odam yuboradi.  

Bu yerga yetib kelgan Ismoil mag‘lub bo‘lgan akasidan kechirim so‘raydi va avf tilaydi. So‘ngra Nasr Samarqandga qaytib ketadi. Ismoil Somoniy g‘olib kelganiga qaramay, akasining hokimiyatini tortib olmaydi. Ismoil o‘zining eng yaqin kishilarini akasi Nasrni kuzatib qo‘yish uchun yuboradi. Amir Nasr bu voqeadan qariyb to‘rt yil o‘tib vafot etadi. U butun Movarounnahr yerlariga amir Ismoilni noib qilib tayinladi va boshqa birodarini hamda o‘z o‘g‘lini ham uning farmoniga bo‘ysundirdi.  

1858 yil (bundan 166 yil oldin) – minglar sulolasiga mansub aka-ukalar: Qo‘qon xoni Xudoyorxon va undan taxminan bir yosh katta akasi Mallaxon o‘rtasida Somonchi qishlog‘i yaqinida jang bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘qon xoni Xudoyorxon tor-mor bo‘ldi. Natijada u kam askar bilan Qo‘qonga qochib kelib, xon qarorgohida yashirindi. Mallaxon kelib Qo‘qonni qamal qildi.  

1907 yil (bundan 117 yil oldin) – Quddus Muhammadiy taxallusi bilan ijod qilgan bolalar shoiri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Quddus Muhammadiyev tavallud topdi (vafoti 1999 yil).  

1914 yil (bundan 110 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti Zaynab Sadriyeva tavallud topdi (vafoti 1991 yil). U “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida yaratgan Farmonbibi, “Suyunchi” filmida yaratgan Anzirat kabi rollari bilan mashhur.  

1928 yil (bundan 96 yil oldin) – zamonaviy o‘zbek nasri rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblardan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov tavallud topdi (vafoti 2010 yil). Uning asarlari nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari hududida, balki uzoq xorijiy mamlakatlarda ham sevib mutolaa qilinadi.  

1934 yil (bundan 90 yil oldin) – matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi To‘xtamurod Jo‘rayev tavallud topdi (vafoti 2009 yil). U 1992–1995 yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) rektori lavozimida faoliyat yuritgan. 1995–2000 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidenti bo‘lgan. Bir qancha xalqaro akademiyalar va xalqaro jamiyatlar a’zosi. 1972 yilda Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati. To‘xtamurod Jo‘rayev 1996 yilda “Do‘stlik”, 1999 yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan.  

1941 yil (bundan 83 yil oldin) – janubi-g‘arbiy front tarkibidagi 353-tog‘ o‘qchi polki jangchisi Qo‘chqor Turdiyev o‘rtoqlari bilan razvedkaga, so‘ngra “til” olib kelishga yuborildi. Otishmada barcha o‘rtoqlari halok bo‘lgan Qo‘chqor Turdiyev dushmanning bir DZOT, 9 askar va zobitini yo‘q qilib, 3 tasini asirga olib keldi va front qo‘mondoni S.K.Timoshenkoga buyruq bajarilgani haqida xabar berdi. Bu jasorati uchun Qo‘chqor Turdiyev Qahramon unvoniga sazovor bo‘ldi.  

1992 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Kommyunike imzolandi.  

2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidentining taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Turkiyaga bordi. Shavkat Mirziyoyevni Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.  

2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Milliy «yashil» iqtisodiyot taksonomiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi