Vatanimiz tarixidagi 8 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1415 yil (bundan 605 yil oldin) – temuriy shahzoda Umarshayx Mirzoning o‘g‘li, Hamadon va Luristonning yigirma ikki yoshli hokimi Boyqaro Mirzo iyun oyida Sherozni egallab olgach, unga qarshi amakisi Shohrux Mirzo boshchiligida yetib kelgan ko‘shin oldiga qal’adan chiqib taslim bo‘ldi. Shohruh Mirzo uning gunohini avf etdi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Boyqaro Mirzo husn va tarovatda ikkinchi Yusuf, jur’at va jasoratda esa ikkinchi Rustam bo‘lgan.
Mazkur taslim bo‘lish voqeasini tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy quyidagicha qayd etgan: “Mirzo Boyqaro shanba kuni kechasi, beshinchi ramazonda (8 noyabrda) sharmsor va xijil holda Sherozdan tashqari chiqib (xoqoni saidning) qo‘lini o‘pish sharafiga yetishdi va onhazrat (Shohrux Mirzo) uning xatolarini afv etagi bilan yopib, o‘tgan ishdan kechdi; ommaga ibrat uchun yosoga yetkazilgan ikki-uch kishidan bo‘lak hech bir jon biror jarima bilan jazolanmadi. (Xoqoni said) u mamlakat aholisiga inoyat nazari bilan qarab, aybdorlik alomatini,... ularning tirikligi chehrasidan o‘chirdi”.
1492 yil (bundan 528 yil oldin) – Abdurahmon Jomiy Hirot shahrida vafot etdi (tavalludi 1414 yil 7 noyabrda). Uning motamiga doir barcha tadbirlarga Alisher Navoiy bosh-qosh bo‘ldi. Bularning tafsiloti Navoiyning “Xamsat ul-mutaxayyirin” (“Hayratlanganlar xamsasi”) asarida keltirilgan. Ulug‘ shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiyning porloq xotirasi asrlar davomida avlodlar qalbida yashab kelmoqda.
1909 yil (bundan 111 yil oldin) – adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimovning qayd etishicha, shu kuni Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori mahkamasiga xufyalardan Xiva xonligi haqida maxfiy xat keldi. Mazkur maxfiy xatda yozilishicha, “Asfandiyor to‘raning qardoshlaridan bo‘lgan Said Muhammad Yusufjon Xo‘jayevning ma’lumot berishiga ko‘ra, Xiva xoni (ya’ni Muhammad Rahimxon II) o‘ziga valiaxd qilib ilgari katta o‘g‘lini belgilagan.
Uning qo‘li ostida 400 kishilik otliq askari bo‘lgan va u qaysi bir masalada otasidan ranjiganligi sababli shu askarlari yordamida otasini o‘ldirib, taxtni egallamoqchi bo‘lgan. Biroq bundan o‘z vaqtida xabar topgan xon katta o‘g‘lining valiaxdlik mansabini bekor qilib, uni saroy ishlaridan uzoqlashtirgan, maslahatchilarini o‘ldirib, valiaxdlik martabasiga esa Asfandiyor to‘rani tayin qilgan.
Noma’lum xufyaning so‘zlariga qaraganda, Asfandiyor to‘ra yaxshi ishchi odam bo‘lishiga qaramasdan, xalq ichida uning nufuzi oz, xalq xonning katta o‘g‘lini yaxshi ko‘rgan. “Xonning boshqa bolalaridek, Asfandiyor to‘ra ham sof xonlar qonidan bo‘lmog‘i bilan barobar juda kuchsiz, kasal... kishi”.
1922 yil (bundan 98 yil oldin) – tarixchi H. Jo‘rayevaning ma’lumot berishicha, shu kuni Buxoro Arki majmuidagi muzeyning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yerda tariximizning turli davrlaridan xabar beruvchi eksponatlar o‘rin olgan.
Mazkur marosimda Buxoro hukumati raisi o‘rinbosari Otaxo‘ja Xo‘jayev: “Buxoroda bir muzaxona (muzey) ochilishini ko‘rmak, ilk buyuk tilaklarimizdan biridir. Bu kun shu muqaddas tilagimizning vujudga chiqishini ko‘rib juda xursand bo‘ldik”, – degan so‘zlarni aytgan. Maorif nozirining muovini M.Maxzum esa: “Muzaxona bir tarixdir. Muzaxona bir darsdan iboratdir. Bir millatning avlodi shuni tomosha qilib bobolarning ahvolidan dars o‘qur”, – degan fikrlarni bildirgan.
1994 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand davlat chet tillar institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1999 yil (bundan 21 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Bitim” imzolandi.
2002 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasi ochildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi