Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kun tarixi: Buxoroning qaysi ashtarxoniy hukmdori “shoh” unvonini ham olgan?
12:38 / 2024-10-16

Vatanimiz tarixidagi 16 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1740 yil (bundan 284 yil oldin) – “Nomayi olamoroyi Nodiriy” (“Nodirshohning olamga bezak bo‘luvchi tarixi”) asarida qayd etilishicha, Eron shohi Nodirshoh afshor Buxoro xoni Abulfayzxonga shohlik unvonini taqdim etib, uning boshiga qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan toj kiydirdi. O‘zaro munosabatlar ikki nikoh aloqasi orqali mustahkamlandi: Nodirshoh va uning jiyani Aliqulixon Abulfayzxonning qizlariga uylandi.

1870 yil (bundan 154 yil oldin) – Toshkentda Turkiston o‘lkasidagi birinchi kuzgi yarmarka ochildi. Shu vaqtdan boshlab u har yili o‘tkaziladigan tadbirga aylandi va unda Buxoro va Xivadan, shuningdek Rossiyaning ko‘plab shaharlaridan kelgan savdogarlar qatnasha boshladilar.

1887 yil (bundan 137 yil oldin) – Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori o‘zi idora etayotgan viloyatdan topilgan kumush va mis tangalar xazinasini Turkiston general-gubernatoriga jo‘natdi. 

Mazkur xazinaning topilishi quyidagicha yuz bergan. Shu yili Farg‘ona viloyati, Namangan uyezdi, Yangi Qo‘rg‘on qishlog‘iga yaqin joyda – Nurmuhammadboyning yerida Islom Qalandar va Temurboylar ishlayotib, xumda 1 ta kumush va 1 pudu 8 qadoqdan iborat mis tangalar xazinasini topib oladilar. Bu tangalar Farg‘ona viloyati harbiy gubernatoriga yuboriladi. 

Qadimiy og‘irlik o‘lchov birligi hisoblangan bir pudning qiymati 40 qadoqqa, bir qadoq esa 409,512 grammga teng bo‘lgan. Demak 1 pud og‘irlik o‘lchovi 16,3805 kilogrammga teng. Yangi Qo‘rg‘on qishlog‘idan topilgan xazina 1 pudu 8 qadoq ekanini inobatga olsak, mis tangalar xazinasi 19 kilogramm 656 grammdan ortiq og‘irlikda bo‘lgani ayon bo‘ladi. 

Farg‘onadan kelgan xazinani olgan Turkiston general-gubernatori bu tangalarning ahamiyatini aniqlash uchun Peterburgga – Imperator Arxeologiya hay’atiga yuboradi. Tangalarning egasi Nurmuhammadboyga Turkiston general-gubernatori 10 so‘m mukofot puli bergan.

1920 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston ASSRning Moskvadagi muxtor vakolatxonasi qoshida talabalar ishlari bo‘yicha alohida komissiya tuzildi. Talabalar ishi bilan shug‘ullanuvchi mazkur komissiya Turkiston muxtor vakolatxonasining yordamchi organi sanalib, o‘z qarorlarini vakolatxona tasdiqlagan taqdirdagina hayotga tatbiq qila olar edi.

1970 yil (bundan 54 yil oldin) – Jizzax viloyatining sharkiy qismida joylashgan Do‘stlik, Qashqadaryo viloyatining g‘arbiy qismida joylashgan Kasbi tumanlari tashkil etildi.

1994 yil (bundan 30 yil oldin) – Yaponiyaning Xirosima shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi XII Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi.

2000 yil (bundan 24 yil oldin) – Bo‘ston shahrida “Qadimiy Xorazm tamaddunining jahon madaniyati tarixidagi ahamiyati” mavzusida Xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Simpoziumda olimlar turli mavzularda – Xorazm tamaddunining jahon madaniyati tarixi, o‘zbek davlatchiligi tarixidagi ahamiyati haqida fikr almashdilar.

2006 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 9 bob, 59 moddadan iborat. 

2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida “Axsikent” arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

2017 yil (bundan 7 yil oldin) – Rossiya Federatsiyasining Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Shu kuni Ramzan Qodirov Hazrati Imom (Xastimom) majmuasiga tashrif buyurdi. Mehmonga majmua tarkibidagi Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, Tilla Shayx va namozgoh masjidlari kabi tarixiy obidalar haqida ma’lumot berildi. 

2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 34 moddadan iborat.

2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Metsenatlik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Qonunning 4-moddasida qayd etilishicha, metsenatlik (metsenatlik faoliyati) madaniyat va san’at, shuningdek, ilm-fan, ta’lim, ma’rifat hamda madaniyat va san’atni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa faoliyat sohasida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan homiylik faoliyati hisoblanadi. Mazkur qonun 6 bob, 20 moddadan iborat. 

2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi