Vatanimiz tarixidagi 12 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1208 yil (bundan 816 yil oldin) – Jaloliddin Manguberdining otasi Muhammad Xorazmshoh Arab xalifasi Nosir huzuriga yuborgan elchilar xalifaning vaziri Faxriddin Muhammad tomonidan qabul qilindi. Elchilar xalifalik poytaxti Bag‘dodga kelganlarida ularni xalifa (soqchilari) fahriy soqchilar guruhi bilan kutib olgan edi. 22 oktyabrda xalifa elchiga to‘n kiygizdi va Xorazmga qaytib ketishiga ijozat berdi.
Tarixchi olim Ziyo Buniyodovning qayd etishicha, Muhammad Xorazmshohning elchilari Bag‘dodga qanday xizmat bilan borganligi haqida hech bir manbada ma’lum qilinmagan. Faqat Nasafiy bu elchiliklarning zamirida nima yotganini quyidagicha izohlab yozadi: “Sultonning obro‘si oshib, uning ishlari buyuklasha boshladi... sulton Bag‘doddan Saljuq sulolasidagidek katta hokimiyatni qattiqroq talab qila boshladi. Sulton ana shunday vazifa bilan bir necha bor elchilar yubordi, ammo, rozilik ololmadi. Ammo, xorazmshoh niyatidan voz kechmadi. U “shunday vaqt keladiki, uzoqdan beri kutilgan maqsad va orzuni amalga oshirish uchun qulay sharoit tug‘iladi” dedi”.
1420 yil (bundan 604 yil oldin) – Temuriylar davlatidan Xitoyga yuborilgan 530 kishilik juda katta elchilar guruhi kattalikda Amudaryoga teng keladigan Qoramuron daryosiga yetib keldi. Qoramuron Xuanxe daryosining mo‘g‘ulcha nomi hisoblanadi. Xitoy tilida Xuanxe so‘zi “Sariq daryo” ma’nosini anglatadi. Tarixda xitoyliklar “beqaror daryo”, “minglab ofatlar daryosi” deb ham ta’riflagan Xuanxe o‘z o‘zanini tez-tez o‘zgartirib turgan.
Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy o‘z asarida Xuanxe daryosidan o‘tish jarayonini quyidagicha yozib qoldirgan: “Suv ustiga zanjirlar bilan yigirma uchta kemadan ko‘prik bog‘lagan edilar. Har bir zanjirning yo‘g‘onligi odamning sonidek keladi va har tarafdan o‘n gazdan quruklikka cho‘zilgan. Suvning ikki qirg‘og‘iga har birining yo‘g‘onligi odamning belidek keladigan ikkita temir qoziqni yerga mahkamlab, zanjirlar uchini shu qoziklarga qattiq biriktirilgan; kemalar esa katta-katta ilgaklar va zanjirlar bilan mustahkamlangan. Kemalarning ustiga taxtalar tashlab, hammasini bir-biriga biriktirilgan va tekislangan. Elchilar zahmat chekmay (daryodan) o‘tdilar”.
1876 yil (bundan 148 yil oldin) – Rossiya imperiyasi hukumati Turkiston musulmonlarining Haj ziyoratlarini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi. Bu ta’qiq 1878 yilning 20 martiga qadar davom etdi. Tarixchi Muzaffarxon Joniyevning qayd etishicha, bunga sabab qilib, 1877 – 1878 yillarda Rossiya imperiyasi va Usmoniylar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urush keltirilgan. Shuningdek, Rossiya imperiyasi hukumati 1898 yildagi Dukchi Eshon qo‘zg‘olonidan keyin ham go‘yo jazo sifatida Makkaga borishni taqiqlab qo‘ygan. 1900 yilda bu taqiq ham bekor qilingan.
1920 yil (bundan 104 yil oldin) – toshkentlik geolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Obid Akramxo‘jayev tavallud topdi (vafoti 1996 yil).
1922 yil (bundan 102 yil oldin) – Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi qarori bilan Masjidi Kalonda Buxoro maorif noziri Qori Yo‘ldosh Po‘latov boshchiligida islom ruhoniylari va talabalar ishtirokida miting o‘tkazildi. Unda BXSR Nozirlar Sho‘rosining muvaqqat raisi Otaulla Xo‘jayev, Markaziy Ijroiya Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari M.Aminov, RSFSRning Buxorodagi muxtor vakili Fonshteyn ishtirok etdilar. Miting ishtirokchilari nomidan turklarning yunonlar ustidan g‘alabasi sharafiga Turkiya Milliy majlisi raisi Mustafo Kamol nomiga tabrik telegrammasi yuborildi.
1943 yil (bundan 81 yil oldin) – O‘zbekiston mehnatkashlari nomidan Ukrainaning fashistlardan ozod etilgan yerlaridagi aholi uchun 450 vagondan iborat 3000 sentner bug‘doy, 8300 bosh qoramol, 10000 oyoq kiyim, 200000 sanoat mollari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari, kasalxona, maktablar uchun turli jihozlar yuborildi.
1999 yil (bundan 25 yil oldin) – “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi tuzildi.
2011 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 4 bob, 24 moddadan iborat.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi