Vatanimiz tarixidagi 26 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
899 yil (bundan 1125 yil oldin) – Somoniylar hukmdori Ismoil Somoniy Xurosondagi safforiylar sulolasini ag‘darib, Balx ostonasida Amr ibn Lays qo‘shini ustidan g‘alaba qozondi. Bu Ismoil Somoniyning eng katta muvaffaqiyati edi. Tarixchi olim Bo‘riboy Ahmedovning qayd etishicha, ushbu voqea hijriy 286 yil shavvol oyining o‘n yettinchi kunida, milodiy 899 yil 26 oktyabrda sodir bo‘lgan.
1717 yil (bundan 307 yil oldin) – Rossiya imperatori Pyotr I Buxoro xoni Abulfayzxonning elchisini qabul qildi. Xonquli to‘pchiboshi boshliq61 kishidan iborat elchilar Buxorodan Peterburgga1716 yilda jo‘natilgan edi. Xonquli to‘pchiboshi o‘sha vaqtda Prussiyada bo‘lgan Pyotr I ning Peterburgga qaytishini ancha vaqt kutdi.
“O‘zbekistonning yangi tarixi” asarining ikkinchi kitobida qayd etilishicha, qabul marosimi paytida shohlarga xos odat bo‘yicha Pyotr I elchidan Buxoro xoni Abulfayzxonning salomatligini surishtirdi. Shundan keyin Buxorodan keltirilgansovg‘a-salomlar topshirildi. Xonquli to‘pchiboshi Abulfayzxonning ishonch yorlig‘ini topshirgach, asir etilgan buxoroliklarning ozod etilishini iltimos qildi.
Podsho va uning vazirlari Xonquli to‘pchiboshi qachonlardir Orenburg garnizoni kaprali Andrey Rodikov bo‘lganini eshitishgan edi. Asir tushib qolgan bu zobit Xivada qul tariqasida sotilgani,Buxoro shahzodasi Abulfayz uni o‘z xizmatiga olib,armiyada katta lavozimga qo‘ygani tarixini ham bilishardi. Andrey Rodikov o‘z darajasiga ko‘ra generaldan ham yuqori unvondagi Buxoro amaldori ekani ham qiziqishni oshirgan edi.
Sobiq kapral endi Xonquli to‘pchiboshi nomida qirq yildan so‘ng o‘z vatanida o‘zga yurtning elchisi sifatida turardi. Pyotr I Buxoro elchisi bilan qilgan shaxsiy suhbatida uning butun tarixini bilib oldi va unga hurmati oshdi. O‘z burchiga sodiq bu rus zobitining Buxoro xoniga sadoqati podshoni ajablantirdi.
1930 yil (bundan 94 yil oldin) – qorako‘lchilik sohasidagi yirik ilmiy markaz – Kattaqo‘rg‘on stansiyasi negizida mintaqaviy qorako‘lchilik tajriba stansiyasi tashkil etiladi. 1935 yilda ushbu tajriba stansiyasi O‘zbekiston qorako‘lchilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantiriladi.
Oradan 4 yil o‘tib, 1939 yildan Butunittifoq qorako‘lchilik ilmiy-tadqiqot instituti sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi.
1935 yil (bundan 89 yil oldin) – aktyor, rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Ergash Karimov dunyoga keldi (vafoti 2009 yil). U 1999 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston YUNESKOning a’zo mamlakatlari safiga qo‘shildi. Aynan mana shu paytdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi va YUNESKO munosabatlarining tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi. 1994 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tashkil etildiva ushbu komissiya tashkil topgan vaqtidan buyon O‘zbekistonda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda faol ishtirok etib keldi.
2001 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston metropolitenining Toshkent shahri markazini Yunusobod turar joy massivi bilan bog‘laydigan 3-yo‘lining 1-navbati – “Mingo‘rik”, “Yunus Rajabiy”, “Abdulla Kodiriy”, “Minor”, “Bodomzor”, “Habib Abdullayev” (hozirgi “Shahriston”) bekatlari ishga tushdi.
2003 yil (bundan 21 yil oldin) – Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash Vazirligi va Xalqaro gumanitar «Chegara bilmasshifokorlar» tashkiloti tasarrufida 2-sonliRespublika sil kasalligi bilan qarshi kurashish shifoxonasi ochildi. Loyihaning boshlanishida 773bemor qabul qilinib, ularning 435 tasi davolash kursi natijali yakunlandi.
2013 yil (bundan 11 yil oldin) – sharqshunos olim Arminiy Vamberiga Xiva arkida yodgorlik taxtasi o‘rnatildi. Tarixchi Yulduzxon Rahmonovaning qayd etishicha, Arminiy Vamberi tadqiqotlari o‘z davrida ayrim maqsadlar uchun amalga oshirilgan bo‘lsa-da, XIX asr o‘zbek xonliklari tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Uning asarlari o‘z davridayoq deyarli barcha Yevropa tillariga tarjima qilinib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyatini dunyoga tanitishda muhim rol o‘ynagan.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyadagi davlat tashrifi davomida Buyuk millat majlisiga tashrif buyurdi. Buyuk millat majlisi Turkiya Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organidir. Shuningdek, davlatimiz rahbari Istanbul shahriga tashrifi chog‘ida Topkapi (To‘pqopi) saroyini borib ko‘rdi. XV asrda qurilgan mazkur tarixiy majmua ko‘p asrlar davomida Usmonlilar sulolasining saroyi bo‘lgan.1923 yil muzeyga aylantirilgan.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi