French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kun tarixi: 8 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar...
10:32 / 2021-08-08

1875 yil (bundan 146 yil oldin) – adabiyotshunos olim Sharif Yusupovning qayd etishicha, Rossiya imperatori va’dalariga ishonib Toshkentga kelgan Qo‘qon xoni Xudoyorxonni Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman qabul qildi. Bu uchrashuv tafsilotini tarixchi Akmal Akram quyidagicha bayon qiladi:

«Kaufman allaqachon Xudoyorxonning qismatini hal qilib bo‘lgan edi. Unga yotig‘i bilan uning holati juda ayanchli tus olganini, xonning Qo‘qonga qaytib borishi mumkin emasligini, shuning uchun Rossiyada qolib, davlatdan nafaqa olib, qolgan umrini shod-xurram o‘tkazishni unga maslahat beradi. Lekin xon bu taklifga keskin rad javobini berib, mustaqil davlat hukmdori ekanligini va faqatgina rus imperatori bilan gaplashmoqchi ekanini aytadi. Suhbatni davom ettirish mumkin emasligini tushungan Kaufman xonadan chiqib ketadi. Faqat shundagina Xudoyorxon xonlikni umrbod qo‘ldan chiqarganini tushunib yetadi».

Ertasi kuni esa xon kelib tushgan Toshkentning Darxon mahallasidagi hovliga general-gubernator Kaufman kelib, har ikki tomon o‘rtasida muzokaralar bo‘lganini ma’lum qiladi. Shundan keyin 3–4 kun o‘tmayoq Xudoyorxon Toshkentdan chiqib ketib, ikki yildan ziyodroq Orenburgda surgunda yashab, o‘sha yerdan yashirin ravishda haj safariga jo‘naydi va yurtiga qaytib kela olmay, musofirlikda vafot etadi.

1921 yil (bundan 100 yil oldin) – Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi «Ayirboshlash to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, ayirboshlash, sotib olish va sotish huquqi qishloq xo‘jalik mahsulotlari hamda mayda va hunarmandchilik sanoati buyumlariga joriy qilindi.

1945 yil (bundan 76 yil oldin) – sharqshunos, manbashunos olim, jamoat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ne’matulla Ibrohimov tavallud topdi. U arab manbalari bo‘yicha O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish, arab xalq romanlari janr va uslubiy qurilishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Uning asarlari Sharq va G‘arb tillaridagi nodir manbalarning chuqur tahliliga asoslangan. Ne’matulla Ibrohimov manbashunoslikda yangi yo‘nalishlardan biri – Sharq badiiy tafakkuri va elitar madaniyatlarning uzviy yagonaligi haqidagi konsepsiya asoslarini yaratdi.

1951 yil (bundan 70 yil oldin) – biolog olima, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Shahnoza Azimova tavallud topdi. Uning ilmiy ishlari molekulyar biologiya, genetika, rekombinat oqsillar olishga oid. U normal va rak holatida tireoid gormonlar retseptorlarini o‘rgangan.

1999 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekistonning A-310 layneri Buyuk Britaniya va Italiyadan kelgan 27 sayyohni Samarqandga olib keldi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi London–Samarqand yangi yo‘nalishini ochib, shu tariqa Yevropani Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘ladi.

2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi