990 yil (bundan 1031 yil oldin) – tasavvuf ilmining keng yoyilishiga ilmiy asos solgan buxorolik olim Shayx al-Kolobodiy vafot etdi.
Uning qabri Buxoro shahrining “Sho‘riston” mozorida joylashgan. Shayx al-Kolobodiyning qalamiga mansub “at-Ta’arruf li mazhabi-t-tasavvuf” qo‘lyozma asarini o‘rgangan ko‘pgina arab va fors mashoyihlari asarga juda yuqori baho berishgan, “...Agar Kolobodiyning “at-Ta’arruf” asari bo‘lmaganda edi, tasavvuf nima ekanligi bilinmas edi...”, degan fikrlar ham mavjud.
Hoji Ismatulloh Abdullohning qayd etishicha, “at-Ta’arruf” asari so‘zboshisida muallif tasavvuf ahliga shunday ta’rif bergan: «.. (tasavvuf ahli) xalq bilan rabboniy vakili sifatida muomala qiladigan, g‘oyib narsalarni ham ko‘ra oladigan, shohlar huzuriga ham darveshona kiyimda boradigan, qabilalar ixtilofini bostiradigan, barcha insoniy fazilatlarni o‘zida jamlagan, hujjat va dalillar manbai, quloqlari tinglovchi, dillari musaffo, ta’rif va tavsiflari keng tarqalmagan, sufiyona, nuroniy, sofdirlar…”
1993 yil (bundan 28 yil oldin) – Janubiy Koreyaning Techjon shahrida “Ekspo–93” Xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston ekspozitsiyasi ham namoyish etilib, kumush medal bilan taqdirlandi.
1999 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekistonda “Qorabayirlar” pochta markalari muomalaga chiqarilganligi haqidagi xabar e’lon qilindi. Toshkentlik rassom Alisher Aliqulov bajargan “Qorabayirlar” – 8 ta pochta miniatyurasida o‘z aksini topgan.
2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida “Maqom muzeyi” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA