Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KUN TARIXI: 25 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar
09:28 / 2021-06-25

1194 yil – hijriy 590 yil Rajab oyining to‘rtinchi kuni (milodiy 1194 yil 25 iyun)da anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan xorazmshoh Takash G‘arbiy Erondagi Saljuqiylarga tobe bo‘lgan Iroq sultonligining poytaxti Hamadonni va Iroq Ajamining ko‘p qismini egalladi va bosib olingan yerlarni o‘z amirlariga bo‘lib berdi.

1916 yil – Rossiya imperatori Nikolay II «Imperiyadagi boshqa millatdan bo‘lgan erkaklarni harakatdagi qo‘shin hududidagi mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo‘llarini qurish ishlariga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan har qanday yumushlariga jalb qilish haqida» farmon chiqardi. Unga ko‘ra Turkiston general-gubernatorligidagi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklar Rossiyaga jo‘natilishi kerak edi. Bu farmon tub aholi orasida «mardikorlikka olish» iborasi bilan keng tarqaldi va xalq g‘azabini qo‘zg‘ab, Turkiston qo‘zg‘oloniga sabab bo‘ldi.  

 1917 yil – jadidchilik harakatining yirik mafkurachisi Abdurauf Fitrat Samarqand jadidlari tomonidan chiqarilgan «Hurriyat» gazetasining bosh muharriri bo‘ldi. Fitrat maqolalarining birida shunday yozgan edi: «Jahonning hamma o‘lkalarida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar yoshlarning faol ishtiroki bilan o‘tmoqda. Samarqandning ravnaqi va baxtu saodati sizlarning ongli harakatlaringizga bog‘liq. Sizlar o‘z uylaringizga kirib biqinib olganingiz bilan hech narsa o‘zgarmaydi».  

 1947 yil – iqtisodchi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Saidahror G‘ulomov tavallud topdi. U 1998-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri bo‘lgan. Saidahror G‘ulomov 1997 yilda «Do‘stlik» ordeni va 2000 yilda «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan.  

 1949 yil – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining byurosi «O‘zbekiston yozuvchilar soyuzining ishi to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Unda Abdulla Qahhorning «Qo‘shchinor chiroqlari» romani tanqid qilindi. Yozuvchilardan Oybek, Mirtemir, Hamid G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, M. Boboyev, A. Qayumov va boshqa yozuvchilar badnom qilindi. «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka» jurnallarining tahririyatlariga bir qator «yaramas» asarlar chop etishga yo‘l qo‘ygan, degan jiddiy ayblar qo‘yildi.  

 1996 yil – O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchixonasi ochildi.  

 2018 yil – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.  

 2019 yil – O‘zbekiston Respublikasining «Saylov kodeksi» tasdiqlandi. Mazkur kodeks 18 bob, 103 moddadan iborat.  

 2019 yil – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Prezident maktablari to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida», «Toshkent shahrida Vestminster xalqaro maktabini tashkil etish to‘g‘risida» qarorlari qabul qilindi.  

 Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.

O‘zA