Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KUN TARIXI: 24 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar
09:31 / 2021-06-24

1868 yil – Rossiya imperiyasi va Buxoro amirligi o‘rtasida urush tugaganligi rasman e’lon qilindi.

1892 yil – tarixda «Vabo isyoni» (yoki «Toshotar voqeasi») deb nom olgan qo‘zg‘olon boshlandi. Qo‘zg‘olon dastlab mahalliy aholining noinsof amaldorlar va sudxo‘rlarga, hokimiyatni suiiste’mol qilish bilan tanilgan shahar bosh oqsoqoliga qarshi noroziligi bilan boshlandi. Qo‘zg‘olonchilar tarkibi asosan mardikorlar va hunarmand-kosiblardan iborat edi. Bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlardan biri shunday yozgan: «Qo‘zg‘olonchilarning maqsadi bo‘layotgan kamsitishlarni to‘xtatishga erishish edi. Olomon shahar boshlig‘i Stepan Putinsev huzuriga chora ko‘rish to‘g‘risidagi talab bilan yo‘lga tushadi. Olomonda o‘qotar yoki zamonaviy qurollar ham yo‘q bo‘lib, ular taxminan 400 kishi atrofida edi».  

 Eski shahar oqsoqoli Muhammad Yoqub olomondan qo‘rqib, shahar boshlig‘i huzuriga boradi. Xalq Putinsevdan oqsoqolni ular ixtiyoriga berishni talab qildi. Putinsev esa muzokara o‘rniga kuch ishlatishni afzal ko‘rdi. Kuch ishlatish to‘g‘risidagi buyruqdan keyin sabr kosasi to‘lgan xalq uzoq o‘ylab o‘tirmay, hokimga qarshi hujum boshladi. Uning odamlarini tor-mor etib, o‘zini kaltaklashdi. Toshkent oqsoqolining uyiga o‘t qo‘yishdi. Putinsev va uning mirshablarini do‘pposlagan xaloyiq mahkamani ham ostin-ustun qildi. Qo‘zg‘olonni bostirish uchun kazaklar polki va bir rota askar chaqirildi.  

 

1910 yil – Xiva xonligi bosh vaziri Islom Xo‘ja boshchiligidagi elchilar Toshkentga, Turkiston general-gubernatorligiga tashrif buyurdi. Elchilar Toshkentga kelishdan oldin telegramma orqali ogohlantirildi va ular poyezdda maxsus vagonda keldi. Vokzalda ularni Turkiston harbiy okrugi bosh shtab navbatchisi, diplomatik amaldor, shahar boshlig‘i, komendant, politsiya boshlig‘i, general-gubernatorlik otliqlari va xor musiqa sadolari ostida kutib oldi. Tarixchi Nizomiddin Gulboyevning qayd etishicha, Xiva bosh vaziri boshchiligidagi elchilar Toshkentdagi Grand Otel mehmonxonasiga joylashtirilgan.  

 1923 yil – Buxoro Respublikasi hukumati tarkibidan Otaullaxo‘ja Po‘latov – Ota Xo‘jayev, Fitrat, Sattor Xo‘jayev, Muinjon Aminov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Abdurahim Yusufzoda, Muzaxar Maxsum Burhonov, Hoji Hamro Yo‘ldoshev chetlashtirilib, Buxorodan surgun qilindi. Buxoro hukumati Moskva va Toshkentning «kommunistcha sabog‘i»ni olgan «tajribali sovet xodimlari» bilan to‘ldirildi.  

 1993 yil – O‘zbekiston Respublikasi Gvineya Respublikasi va Ekvatorial Gvineya Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.  

 1993 yil – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga asosan Respublika Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni etib 27 iyun etib belgilandi.  

 1997 yil – maxsus konvertli «Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon» pochta markasi tayyorlanib, muomalaga chiqarilganligi haqida xabar e’lon qilindi. Ushbu marka Cho‘lpon tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan.  

 2019 yil – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining kutubxona fondini xorijiy adabiyotlar bilan boyitish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.  

 Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi