Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kun tarixi: 11 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni
08:23 / 2021-08-11

1916 yil (bundan 105 yil oldin) – huquqshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi G‘ulom Ahmedov tavallud topdi.

Uning ilmiy asarlari jinoyat huquqini takomillashtirish, xususan, giyohvandlik va ichkilikbozlikka qarshi kurash muammolariga bag‘ishlangan. U huquqshunoslikka doir lug‘atlar tuzgan, o‘zbek tilidagi yuridik atamalarning shakllanishiga hissa qo‘shgan.

1938 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ismoilova tavallud topdi. U – Zaynab Savriyevaning qizi. “Xolisxon” (Hamza) spektaklidagi Zuhra uning sahnada yaratgan ilk obrazidir. U o‘z ijodi davomida lirik, dramatik xarakterdagi turli obrazlarni yaratdi, filmlarda bir necha qahramonlarga ovoz berdi. Dilbar Ismoilova 1998 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

1956 yil (bundan 65 yil oldin) – Toshkentdagi “Paxtakor” stadioni ochildi.

1981 yil (bundan 40 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining qarori bilan atrof-muhitni va kishilar salomatligini himoya qilish maqsadida butifos o‘tkir zaharli moddasini defoliant sifatida qo‘llash man etildi. Lekin amalda bu qaror bajarilmadi. G‘o‘zani butifos bilan defolyatsiya qilish oldingidek hattoki aholi yashaydigan qishloqlar yaqinida ham amalga oshirilaverdi.

2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2017 yil (bundan 4 yil oldin) – o‘zbek biokimyogarlari va endokrinologlari maktabi asoschisi, mamlakatimizda zamonaviy ta’lim tizimini yaratishga, fan taraqqiyotini yo‘lga qo‘yishda, xususan dunyo fanida qalqonsimon bez faoliyatini, tireoid gormonlar biokimyosi va uning ta’sir mexanizmlarini ochib berishga ulkan hissa qo‘shgan, “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari, “Jasorat” va “Shuhrat” medallari sohibi, atoqli tibbiyotchi va pedagog olim akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulov tavalludiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan olimning biologiya, tibbiyot va pedagogika sohalaridagi ilmiy merosining ahamiyatini inobatga olib Vazirlar Mahkamasi “Akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.

O‘zA