Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kun mavzusi: maktabda isitish tizimi tekshirilmasdan o‘qish boshlanganmi?
19:02 / 2023-01-25

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani Kaptarli mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 23-umumta’lim maktabi sinfxonalariga maktabda o‘qish boshlangan 23 yanvar kuni quvurlardan suv sizib chiqqanligi, isitish tizimi ishlamayotgani, shunday bo‘lsada darslar davom ettirilayotgani, maktab onlayn tarzda darslar davom ettiriladigan maktablar ro‘yxatiga kiritilmagani xususida videomurojaat tarqaldi va bu jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, aslida holat qanday bo‘lgan edi? Aniqlik kiritish maqsadida fotomuxbir bilan Nishon tumani, Kaptarli MFYda joylashgan 23-umumta’lim maktabiga bordik.

Borganimizda tashqarida havo harorati minus 5-6 darajani ko‘rsatib turardi. O‘qish davom etayotgan sinfxonalarga birma-bir kiramiz. Dastlab yuqori sinflarga kirdik. Harorat o‘lchagich +1-0 gradusni ko‘rsatib turibdi. O‘quvchilar, hatto o‘qituvchi ham sovuqdan qo‘llari ko‘kargan. Qo‘lqopda doskaga yozyapti. Sinf to‘rida qo‘shib qo‘yilgan elektropechning ta’siri umuman sezilmaydi. Keyin videomurojaatda suv toshgan xonaga kirdik. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu sinf xona tomida qozonxona yomkisi joylashgan. Suv batariyalarga tarqaladigan quvurning ayrim joylarida muzlash holati yuz bergani bois, qaynagan suv yomkisidan toshgan. Natijada tomga suv yig‘ilgan. Yig‘ilgan suv esa sinfxonaga sizib o‘tishi natijasida sinf poliga oqqan.

O‘qituvchilardan birini suhbatga tortdik. Holat yuzasidan fikrini tingladik.

– Hozir 11-sinfga darsga kirdim. Soat 10:15 da kirish bo‘lgan, lekin hech kim yo‘q. Rahbariyatdan so‘rasam o‘quvchilarga sovuq tufayli javob berib yubordik, deydi. O‘zi yil boshidan buyon bu sinfga 5-6 nafar o‘quvchi keladi. Qolganlari boshqa viloyatlarga tayyorlovga ketib qolgan, – deydi ingliz tili fani o‘qituvchisi Muqaddam Haydarova. – O‘zim misolimda aytsam, kecha ham darsga keldim. Sinf juda sovuq edi. Bir amallab doskaga yozib mavzuni tushuntirdim. Yozib olinglar desam. Ustoz, bir yurib, qizib olib keyin yozsak maylimi, deyishdi o‘quvchilar. Shu tartibda dars o‘tilyapti. Isitish tizimimiz bir yil oldin rekonstruksiya qilingan, ammo hech qachon ishlamagan. Quvurlar yorilib suv sizib chiqdi. Murojaatimizdan so‘ng, tekshiruvchilar kelgandan keyin ta’mirlab tuzatishdi. Lekin suv tomchilab turgan holatida biz dars o‘tishga majbur bo‘ldik. Kecha tuman hokimligidan kelib elektr pechkalar tarqatib xonalarni isitib beramiz darslarni o‘taveringlar  deyishgan edi, ammo mana ahvol o‘zgargani yo‘q. Harorat 0 gradusdan past. Masalan, maktab ma’muriyati bizdan toifadan o‘tishni, sertifikatlar olishni talab qilishadi. Men IELTS, S1 sertifikatlarini olganman. Birinchi toifam bor ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha. Lekin biz uchun yetarlicha sharoitlarni yaratib berishmagan. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tishim kerak maktabimizning ingliz tili xonasini ko‘ryapsizlar, maktabga ingliz tili xonasi uchun davlat tomonidan 1 ta proyektor, 1 ta noutbuk, 1 ta magnitofon, 1 ta karnay berilgan, lekin biz hali ularni biror marta ko‘rmaganmiz. Bu yilgi darsliklar yarmi yozib, yarmi tinglab bajariladigan mashqlar. Tinglab bajariladigan mashqlarni birortasini ham o‘quvchilarga bajartira olmaymiz. Sababi uskunalarimiz yo‘q.

Ko‘rinadiki, maktabda isitish tizimidan boshqa muammolar ham talaygina. Mayli, endi bu boshqa masala. Biz esa surishtiruvimizni davom ettiramiz. E’tibor qaratadigan bo‘lsak maktablar isitish tizimining sozligiga ko‘ra, onlayn yoki an’anaviy usulda darslarni boshlanishiga ruxsat qilindi. Ro‘yxatlari shakllantirildi. Nishon tumani mas’ullari esa tumandagi maktablarning isitish tizimi yuz foiz tayyor degan mazmunda an’anaviy usulda darslarni boshlashga ruxsat berib yuborgan.

[gallery-10365]

Bu borada Nishon tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullaridan izoh so‘radik.

– Tumanda maktablarning isitish tizimini nazorat qilish va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan. An’anaviy darslarni boshlashdan oldin tumandagi barcha maktablar o‘rganilgan va ijobiy xulosalar olingan, – deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Alisher Davronov. – Bundan tashqari, ota-onalarning ham fikrlari tinglanib, 42 ta maktabda an’anaviy darslar boshlandi. Kechagi holat bo‘yicha ham kelib o‘rgandik. Faqatgina texnik nosozlik tufayli tepadagi qozonxona muzlagan va qaynagan suv toshgan. Sinflarni elektr isitish pechlari bilan ta’minladik. Yuzaga kelgan muammo esa tez fursatda ekspluatatsiya guruhimiz tomonidan bartaraf etiladi. Hozir yana ikkita maktabimizda shunga o‘xshash muammolar yuzaga kelgan.  Ular ekspluatatsiya guruhi tomonidan bartaraf etilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, 885 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan 23-maktab o‘tgan yili investitsiya dasturi asosida kapital ta’mirlangan. Shu jumladan, isitish tizimi ham. 7 ta yangi zamonaviy qozonxonalar o‘rnatilgan. Maktab rahbariyatining aytishicha, qishki ta’tildan oldin qozonxonalar muammosiz ishlagan. Ammo ta’tildan so‘ng ushbu muammolar yuzaga kelgan.

– 2021 yildan rekonstruksiyaga tushib, yangi qozonxonalar qurildi. 7 ta kotyolimiz bor, – deydi direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri Ravshan Aliboyev. – Har bir qozonxonaga o‘rtacha kuniga 40-45 kilogramm ko‘mir yoqamiz. Ko‘mir zaxiramiz yetarli. Qishki ta’til davomida sovuq oqim kelishi bilan hammasining suvini to‘kkan edik. Ayrim joylarda suv qolgani uchun muzlab qolibdi. Kotyolni qo‘shgach quvurlarda suv yurmay qolib tomdagi baklardan toshib ketdi. Shundan bitta sinfxonaga suv sizib o‘tgan. Quvurlarda suv muzlab qolgani uchun suv aylanmayapti. Shuning uchun hozir yoqib turibmiz, sekin eriyapti. 

– Maktabning isitish tizimi nega o‘qish boshlangungacha yo‘lga qo‘yilmadi, holbuki yetarlicha fursat bor edi, so‘raymiz xo‘jalik mudiridan.

– Biz harakat qildik. Ammo suv muzlab qolaverdi. Endi batariyalarda qolib ketgan muzlar erisa, muammo bartaraf etiladi.  

Rostdan o‘qituvchilar aytganidek, quvurlar yorilganmidi? Bunga aniqlik kiritish maqsadida maktab tomiga ham chiqishga to‘g‘ri keldi. Quvurlar yorilmagan ekan. Ammo bitta qozonxona suv bakidan suv toshgan. Suv kamaygach toshish to‘xtagan. Ammo hamon qaynagan suv quvurlardan aylanmayapti. Xo‘sh, bu holatga maktab rahbarining munosabati qanday?  

– Kechagi vaziyatda quvurlar yorilgani yo‘q. Tepadagi teplotrassaning muzlashi natijasida qaynagan suv bakdan toshgan. Kotyollarimizda muammo yo‘q, – deydi  maktab direktori Chori Rajabov. – Sekinlik bilan erib boryapti. Batariyalarda havo chiqyapti. Suvni qishki ta’til oldidan to‘kkan edik. Ko‘mirni iqtisod qilish maqsadida. Tayyorgarlik masalasi haqida gap ketganda bizni xayolimizga ham kelmagan edi. Shunday qo‘shamiz va ishlab ketadi, deb o‘ylagan edik. Ikki kun oldin tayyorgarlikni boshlagandik. Tuman hokimligi va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari kelib xabar olmoqda. Sinfxonalarga elektropechlar o‘rnatilmoqda.

Albatta, kutilmaganda kirib kelgan anomal sovuq barchani shoshirib qo‘ygani rost. Nafaqat maktablar balki, yashash xonadonlarimizni ham isitish muammoga aylanib qoldi ba’zan. Lekin ushbu sharoitda, ko‘z yumib o‘quvchilar sog‘ligini ham xavf ostiga qo‘yish noto‘g‘ri. Ularga avvalo shart-sharoitlarni yaratib berish haqida o‘ylashimiz kerak. Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi. Maktab o‘qituvchilari qozonxonalar umuman ishlamagan desa, rahbariyat ta’tildan oldin hammasi ishlardi, deya ta’kidlamoqda. Lekin ko‘rinib turgan muammo aniq, 23-maktab sinfxonalari haqiqatda sovuq va batariyalar umuman isimayapti. O‘quvchilar, hatto o‘qituvchilar ham dars haqida emas faqat isinish haqida o‘ylayapti. Tag‘in o‘tgan yili kapital ta’mirlangan va zamonaviy qozonxonalar o‘rnatilgan maktabda ahvol shunday bo‘lsa, qolganlari haqida bir narsa deyish qiyin.  

O‘ylaymizki mas’ullar ushbu muammoni tez fursatlarda bartaraf etishadi. O‘quvchilar issiq xonalarda o‘qishni davom ettirishadi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.