Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kumushkondagi mehmon uylari 18 taga yetdi
14:47 / 2020-08-20

Bu esa sohaga aloqador savdo, hunarmandchilik, transport, umumiy ovqatlanish, mehmon uylari va boshqa xizmat koʻrsatish tarmoqlari rivoji, shu asnoda minglab aholining daromadiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.


Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro qatnovlar toʻxtab, transportlar harakati cheklangani jahon turizm bozorining barqaror oʻsishi, jumladan, Oʻzbekistonda ham turizm rivojiga katta zarar keltirdi.

Bu esa sohaga aloqador savdo, hunarmandchilik, transport, umumiy ovqatlanish, mehmon uylari va boshqa xizmat koʻrsatish tarmoqlari rivoji, shu asnoda minglab aholining daromadiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Yurtimizda karantin talablarining yumshatilishi ichki turizmni rivojlantirish uchun yoʻl ochdi. Pandemiya bilan bogʻliq murakkab sharoitda ham Parkent tumanida mehmon uylarining tashkil etilayotgani hududning turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, turizm xizmatlari koʻrsatish sohasida yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga xizmat qilmoqda.

– Aholi oʻrtasida oilaviy mehmon uyi tashkil etishning afzalligi, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida tushuntirish olib bordik, – deydi Parkent tumani davlat xizmatlari markazi direktori Jahongir Rizayev. – Koʻrdikki, ayrim oilalar ushbu yoʻnalishda oʻz biznesini boshlashga qaror qildi. Karantin boʻlishiga qaramay oʻtgan vaqt mobaynida markazimizga 20 nafardan ziyod fuqarodan shu mazmundagi ariza kelib tushdi. Hozirgacha 18 ta ariza ijobiy qanoatlantirilib, davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Mehmon uylarini ochgan oilalar tadbirkorligining mavjud mezonlarga mosligi oʻrganilib, ularga tegishli sertifikatlar taqdim etildi.

Kumushkon qishlogʻi nafaqat Parkent tumani, balki Toshkent viloyatida ham ziyorat va togʻ turizmini rivojlantirish imkoniyati kengligi bilan ajralib turadi. Toza havosi, goʻzal tabiati va ziyoratgohlari bilan maʼlumu mashhur. Shu qishloqda yashovchi tadbirkor Muzaffar Joʻrayev ham hududda turizmni rivojlantirish, oʻzining oilaviy korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida tuman davlat xizmatlari markazida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtdi. Zamon talablariga toʻla javob beradigan mehmon uyida 20 nafargacha sayyohni qabul qilish imkoniyati mavjud. Mazkur maskanda kelgusida 3 kishi doimiy ish bilan band boʻladi.

– Yil davomida qishlogʻimizga respublikamizning barcha viloyatlari, hatto xorijiy davlatlardan ham mehmonlar keladi, – deydi kumushkonlik Yulduz Norboʻtayeva. – Qishlogʻimizning goʻzal togʻ manzaralari, toza havosi, minerallarga boy zilol suvi sayyohlarni oʻziga rom etadi. Faoliyatimiz tegishli tartibda sertifikatlandi. Qisqa vaqt ichida tijorat bankidan 30 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit oldik. Bu mablagʻni oilaviy mehmon uyimizdagi sharoitni yana-da yaxshilash, qoʻshimcha binolar qurishga sarflaymiz.

Shu qishloqda yashovchi yana bir yurtdoshimiz Ilhomjon Qodirqulov ham oilaviy mehmon uyi tashkil etish borasidagi murojaati qisqa fursatda ijobiy hal etilib, oilasi bilan tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniga ega boʻlganidan mamnun ekanligini bildirdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Toshkent viloyatida joriy yil boshidan buyon 500 dan ortiq oilaviy mehmon uyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Erkin Doripov,
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
Jamoatchilik va OAV bilan
aloqalar shoʻbasi yetakchi maslahatchisi.