Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kumushkonda elektron kutubxona ochildi
17:18 / 2025-11-07

Parkent tumanining olis, tog‘li hududidagi Kumushkon mahallasida yangi elektron kutubxonaning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Parkent tuman hokimi Sardor Isoqulov, “Ipoteka bank” OTP Group Boshqaruv raisining o‘rinbosari Dimitriy Sapronov, viloyat boshqarmasi rahbari G‘anisher Mamatqulov, shuningdek, mahalla faollari nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur kutubxona 500 million so‘m mablag‘ evaziga qurildi. Bino zarur mebel jihozlari bilan ta’minlangan bo‘lib, internet tarmog‘iga ulangan 12 ta zamonaviy kompyuter, 200 dan ortiq kitob fondiga ega. Shuningdek, keng va shinam o‘quv zalida 10 mingdan ortiq elektron kitoblarni o‘qish imkoniyati yaratilgan.  

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yangi kutubxona bilan yig‘ilganlarni va mahalla aholisini tabriklab, endilikda hududda kitobxonlikni yanada ommalashtirish zarurati haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.

Bu yer kuniga 50 nafarga yaqin yoshlarni qamrab oladi. Jarayonda foydalanuvchilar elektron platformalar orqali bilimini oshirishi mumkin. Maxsus o‘quv kurslarida esa ular kompyuter texnologiyalari va IT dasturlash bo‘yicha sertifikat olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Hozirgacha shunday tipdagi elektron kutubxonalar Jizzax viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi ta’lim muassasalarida ishga tushirilgan. 

– Mahallamizda 14-30 yoshdagilar 814 nafarni tashkil qiladi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun bu kabi tashabbuslar juda katta ahamiyatga ega. Hududimiz tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgani uchun har doim ham asosiy kutubxonaga borishga imkon yo‘q edi. Endilikda ular darsdan so‘ng bu yerda o‘zlariga kerakli bilimlarni olishi mumkin, – deydi Kumushkon mahallasi yoshlar yetakchisi Murod Azimboyev.

Tadbir ishtirokchilari yangi kutubxonadagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

A.Musayev, O‘zA.