English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kumush – chempion qiz
20:25 / 2015-04-24

Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yurtimizning chekka hududlarida ham turli sohalarda izlanish olib borayotgan qizlarni saralab, ularning noyob iste’dod va qobiliyatini yuzaga chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda.

1C (2).jpg
Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yurtimizning chekka hududlarida ham turli sohalarda izlanish olib borayotgan qizlarni saralab, ularning noyob iste’dod va qobiliyatini yuzaga chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib o‘sgan Kumush Xo‘jayeva mamlakatimizda yosh avlod kamoloti yo‘lida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, yuksak marralarga erishib kelayotgan yoshlardan.

O‘n bir yoshga to‘lganida Kumushni ota-onasi To‘raqo‘rg‘ondagi 18-bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabiga olib keldi. Bu yerda u ustozi Mahmudjon Hamroqulovdan sambo, dzyudo va boshqa yakkakurash sirlarini qunt bilan o‘rgana boshladi. Kumush sportdagi birinchi g‘alabasini 2010-yili O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab tuman miqyosida o‘tkazilgan turnirda qo‘lga kiritdi. Shundan buyon bir necha marta viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda g‘olib bo‘ldi.

2009-yildan buyon turon yakka kurashi va o‘zbek milliy kurashi bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan Kumush bugun Namangan olimpiya zaxiralari kollejida dzyudo yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. Ma’murjon Samadov va Ulug‘bek Rahmonov kabi ustoz-murabbiylardan mahorat saboqlarini olayotgan Kumushning sportdagi muvaffaqiyatlari ko‘payib, uni tobora yangi marralar sari rag‘batlantirmoqda. Uning turon yakka kurashi bo‘yicha to‘rt karra, o‘zbek milliy kurashida uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgani fikrimizni tasdiqlaydi.

Kumushning xalqaro musobaqalardagi yutuqlari o‘zbek yoshlarining hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligining yana bir yorqin ifodasidir. U 2012-yilda Angliyada o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan VII jahon chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2013-yili Xorazmda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida kumush medal, Buxoroda 1995-1996-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mamlakat chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldi.

2014-yil ham uning sportdagi intilishlarida katta iz qoldirdi. Jumladan, Xitoyning Xaikao shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 52 kilogramm vazn toifasidagi dzyudochilarning kuchli sakkizligidan o‘rin egalladi. Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2014-yil yakuni bo‘yicha Kumush Xo‘jayeva viloyatda “Yilning eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasiga munosib topildi. Umuman, Kumushning yutuqlar xazinasini bugun 12 oltin, 4 kumush va 4 bronza medallar shodasi bezab turibdi. Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro miqyosdagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini ulug‘layotgani unga yanada cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Bu yil Kumush uchun yanada omadli keldi. Prezidentimizning 2015-yil 3-martdagi farmoniga muvofiq, a’lo xulqi, iste’dodi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda adabiyot, madaniyat, san’at, ta’lim va sport sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan yoshlar orasida Kumush Xo‘jayeva ham bor.

– Sportda erishayotgan yutuqlarimning zamirida Prezidentimiz rahnamoligida biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam, – deydi u. – Bu yuksak mukofot menga nafaqat quvonch, iftixor bag‘ishlaydi, balki bildirilgan alohida ishonch ramzi bo‘lib, zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshiradi. Ayni paytda bu yilgi O‘zbekiston chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. Bu musobaqa g‘olibi jahon chempionatiga yo‘llanma oladi. 2016-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashib, davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni maqsad qilganman. Buning uchun bor imkoniyat va kuchimni safarbar etaman.