Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuchlilardan olingan ochko umidning so‘nmaganligidan dalolat
10:43 / 2021-11-26

Xabar berganimizdek, shu kunlarda AQSHning Xyuston shahrida stol tennisi bo‘yicha jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Dunyoning eng kuchli kichik raketka ustalari qatnashayotgan chempionatda hamyurtimiz Zohid Kenjayev qur’a natijasiga ko‘ra, dastlabki turda fransiyalik Emanuel Lebessonga qarshi maydonga chiqdi. Rio va Tokio olimpiadasining ishtirokchisi, qator xalqaro turnirlarning g‘olibi, jahon reytingida 39-pog‘onani egallab turgan Lebesson tajriba bobida Kenjayevdan ancha ustunligini namoyish etdi.

Yevropa chempionatlarida doimiy tarzda sovrindorlar qatoridan joy olib kelayotgan tajribali sportchi bilan kechgan bahsda hisobning 4:1 tarzda yakunlanganligini e’tiborga olsak, umidli sportchimiz Kenjayevdan kelajakda yaxshi natijalar qayd etishini kutsak bo‘ladi. Muhimi, yurtdoshimiz murakkab bahsda o‘zidan ancha kuchli bo‘lgan raketka ustasidan 1 ochko olishga muvafaq bo‘lganligi ahamiyatli holat deyish mumkin.

Aytish lozimki, fransiyalik kichik raketka ustasi keyingi bosqichni ham muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Angliyalik Semuyuel Uokerni 4:2 hisobida dog‘da qoldirib, Xitoy vakili, Tokio olimpiadasi oltin va kumush medallari sohibi, hozirda stol tennisi bo‘yicha jahon reytingining yetakchisi Fan Chjendun bilan ro‘baro‘ kelmoqda.

AQSHning Texas shtatida o‘tayotgan mazkur jahon chempionati doirasida Xalqaro stol tennisi federatsiyasi(ITTF)ning hisobot-saylov yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

Unda delegatlarning ovoz berishi natijasida shvetsiyalik Petra Syorling 4 yillik muddatga ITTF Prezidenti etib saylandi. Ta’kidlash lozimki, Syorling Xalqaro stol tennisi federatsiyasining ilk ayol rahbari sifatida tarixdan joy oladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, stol tennisi bo‘yicha jahon chempionati bahslari erkak va ayollar o‘rtasida yakkalik, juftlik va aralash juftlik tarzda o‘tkazilmoqda. Chempionat bahslari 29 noyabrga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA