Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish holatlari uchramoqda
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning G‘uzor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tadbirkor T.J.ning sport buyumlari sotishga mo‘ljallangan savdo do‘koni sotuvchisi B.N. jami 400 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini hamda 1 dona paketdagi kukunsimon moddani fuqaro A.A.ga 1,1 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Shu kabi, Departamentning Zarafshon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «F-F.» MCHJga dorixonasi sotuvchisi Z.M. fuqaro I.T.ga shifokor retseptisiz 50 ta kapsuladagi «Reduksin» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA