Bojxonachilarimiz tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilishiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Toshkent viloyati, Toshkent tumani hududi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi «Cobalt» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashinaning yukxonasi va salonida xorijda ishlab chiqarilgan, sifati va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 95 mln. so‘mlik 380 qutida jami 11 ming 400 dona tarkibida «sibutramin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallangan 3 xil turdagi kofe mahsulotlari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA