French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yiladi
11:43 / 2025-10-23

Qonun loyihasiga sharh

Inson salomatligini asrab-avaylash va kasalliklarni bartaraf etishda tibbiyot sohasi hamda dori-darmon vositalarining o‘rni muhim. Ammo dori vositalarini bilib-bilmay qo‘llash, ayniqsa, retsept bilan beriladigan dorilarni qonunga xilof ravishda realizatsiya qilish, bu turdagi dori vositalarining noqonuniy muomalasi inson hayoti va salomatligi uchun xavfli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-2024 yillarda doridan zaharlangan shaxslar soni 18 ming 87 nafarni tashkil etgan. 177 xolatda esa inson o‘limi bilan yakunlangan. 2022-2024 yil va 2025 yilning 5 oyida 288 ta holatda 18 milliard so‘mlik 285 ming dona retsept bilan beriladigan dorilarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. 2024 yilda bu kabi holatlar 2022 yilga nisbatan 3 baravarga o‘sgan. Aniqlangan holatlarning 80 foizini kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tashkil etgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bu kabi holatlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Gap shundaki, amaldagi qonunchilikda retsept bilan beriladigan dori vositalari doirasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan sanksiyalar nomutanosibligi bois bu boradagi huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.

Shu maqsadda qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga retsept asosida beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.  

Jumladan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan holatlarda jinoiy javobgarlik belgilash va ikki yuz baravardan uch yuz baravargacha miqdorda jarima jazosi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima jazosini belgilash, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun esa 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima jazosini belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasidagi normalar aholi salomatligini himoya qilish, dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA