Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIBning Yunusobod tumani bo‘limlari tomonidan “H.F.” MCHJga qarashli dorixonada o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G‘.U. va boshqalar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgani aniqlandi.
Jumladan, ular xorijda ishlab chiqarilgan “Tropikamid”, “Selofen” va “Zardeks” nomli 4 dona dorini 170 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, dorixonada tegishli hujjatlari bo‘lmagan, qalbakilashtirilgan 92 dona “Zardeks”, 80 dona “Regapen”, 23 dona “Tropikamid” va 20 dona “Selofen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, “J.P.M.” MCHJga qarashli dorixonada o‘tkazilgan tezkor tadbirda dorixona rahbari J.U., norasmiy sotuvchilari M.O‘., J.M. va F.B. xorijda ishlab chiqarilgan 12 dona “Regapen”ni 300 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Dorixonada tegishli hujjatlari bo‘lmagan ming dona “Karbamazepin-Nika”, yana shuncha “Karbamazepin”, 150 dona “Tebantin”, qalbakilashtirilgan 100 dona “Zardeks”, 40 dona “Karbaleks” va yana 40 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA