Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yoshlar orasida ommalashgani hech kimga sir emas. Bunday dorilar ularning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishda narkotik moddalardan qolishmaydi. Shu sababli bunday og‘ulardan farzandlarimizni asrash zarur.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXX, ichki ishlar organlari hamkorligida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor tadbirlarni davom ettirmoqda.
Departament hamda DXXning Sergeli tumani bo‘limlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.R. tanishi J.A.dan xarid qilgan 12 dona “Tropikamid” nomli dori vositasini boshqa bir fuqaro Sh.H.ga 200 AQSH dollariga sotgan vaqtda ushlandi. Uning yonidan 1 dona “Snup” yozuvli flakon va 22 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda fuqaro J.A.dan yana 60 dona “Regapen” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda tumandagi Visol ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. 238 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini o‘z xonadonida o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avvalroq Departamentning Bektemir tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.K. 1,4 ming dona “Regapen” hamda 149 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib kelayotganda ashyoviy dalil bilan ushlangan edi.
Bunday tezkor tadbirlar davom ettiriladi.
O‘zA