Andijon viloyati bojxona boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda DXX Chegara qo‘shinlari xodimlari hamkorligida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq huquqbuzarlik fosh etildi.
Paxtaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro X.Sh.ga tegishli “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi. Tekshirish jarayonida mazkur avtomashinada yo‘lovchi sifatida kelayotgan fuqaro F.Z.ga tegishli bo‘lgan 2 dona qizil rangli polietilen qoplarga joylangan, xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 705 million 600 ming so‘mga teng 20 ming 160 dona “Regapen 300mg” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirilib, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Hozirda mazkur huquqbuzarlik yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘z manfaatini, boylik topishni o‘ylab, kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini noqonuniy tarzda tarqatishga uringan F.Z. o‘zining ushbu xatti-harakati nafaqat qonunlarimizga zid, balki yurtdoshlarimiz sog‘ligi va hayotiga xavf solishi mumkinligini unutmasligi kerak.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA