Respublikamiz bojxonachilari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida inson salomatligiga ziyon keltiruvchi, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi. Bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlangan navbatdagi lavha shu haqida.
Inson hayoti va salomatligi — oliy qadriyat. Biroq, bu jihatlarni inobatga olmaydigan, o‘z manfaati yo‘lida o‘zgalar salomatligini xavf ostiga qo‘yayotgan shaxslar ham afsuski jamiyatda uchrab turibdi. Bojxona organlari tomonidan bu borada tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining yashirin aylanmasiga o‘z vaqtida chek qo‘yildi.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan viloyat Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasini fosh qilishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Z71Nc9ooT78" title="Kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarining yashirin aylanmasiga chek qoʻyildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan, fuqaro boshqaruvidagi avtomashina Yakkasaroy tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining oldida turgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ko‘zdan kechirilgan.
Natijada ushbu avtotransport vositasi salonidagi 1 dona polietilen qopda “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu fuqaro ijarada turgan xonadon ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Qarang-ki, bu yerda ham 3 dona polietilen qopda “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Shunday qilib, tezkor tadbir davomida ashyoviy dalil sifatida olingan 43 666 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining jami qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 4 mlrd 366 mln so‘mdan oshmoqda.
Eslatib o‘tamiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 131 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida jami 476 ming 792 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga o‘z vaqtida chek qo‘yildi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zA