Kuchli qor Yevropaning eng yirik aeroportlari faoliyatini to‘xtatdi
Yevropaning bir necha davlatida juma kuni kechasi boshlanib, ertasiga ham kun bo‘yi davom etgan kuchli qor transport infratuzilmasi, jumladan mintaqaning eng yirik aeroportlari ishida jiddiy uzilishni yuzaga keltirdi.
“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, noqulay ob-havo avtomagistrallarda harakatni qiyinlashtirdi, ko‘plab yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘ldi, samolyotlar kelishi va jo‘nashiga vaqtincha cheklov joriy etildi. Kuchli yog‘ingarchilik, uchish-qo‘nish yo‘lagini doimiy ravishda tozalab turish zarurati tufayli parvozlar o‘rtacha 30 daqiqadan bir soatgacha kechikdi.
Aviakompaniyalar xavfsizlikni ta’minlash uchun jadvalni o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Sharoit og‘irlashishi oqibatida Yevropaning yirik shaharlariga ba’zi reyslar butunlay bekor qilindi.
Meteorologlar qor yog‘ishda davom etishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
G.Sattorova, O‘zA