Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengayib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilgan.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish Jizzax viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan “Davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirishda mahalliy Kengashlarning roli” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Ushbu Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi subsidiya mablag‘lari doirasida tashkil etilgan tadbirda Jizzax viloyat adliya boshqarmasi, siyosiy partiyalar, NNTlar, Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati, mahalliy Kengash deputatlari, partiyalarning faol a’zolari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, deputatlar faoliyatini takomillashtirish, siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash, aholini qiynayotgan dolzarb masalalarning sessiya va doimiy komissiyalarda muhokama etish hamda ijobiy yechim topishida mahalliy Kengashlarning faolligini oshirish, shuningdek, partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.

Farmonda mamlakatimizda davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi. Aholining joylardagi dolzarb muammolarini hal etishi uchun chinakam “xalq ovozi” bo‘lmish mahalliy Kengashlarga keng vakolatlar berildi. Mahalliy Kengashlarga hokim emas, balki deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilab qo‘yildi. O‘zbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model – “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berilgan.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan Xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi. Xususan, davlat rahbarining ushbu farmoniga muvofiq: prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.
Muxtasar qilib aytganda, xalq rahbarlarga emas, rahbarlar xalqqa xizmat qiladigan, uning vakillariga hisob beradigan vaqt keldi.
Abdulaziz Xujakov,
Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati,
“Shodlik” MFYda hokim yordamchisi.
O‘zA