Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – Konstitutsion norma sifatida belgilandi
18:31 / 2023-12-05

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi turmush darajasini yuksaltirish, bandligini ta’minlash, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, jamiyatning barcha qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyalarida ham ijtimoiy sohalarda boshlangan izlohotlarni izchil davom ettirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish masalalari alohida yo‘nalish sifatida belgilandi.

Natijada, birgina ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga erishildi. Jumladan, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017 yilga nisbatan (27,7 foiz) 2,5 barobarga ko‘payib, 71,8 foizga, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 211 tadan 29 420 taga ko‘paydi. Maktablardagi malakali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar soni 81,8 foizdan qariyb 90 foizga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi esa, 9 foizdan 38 foizga yetkazildi.

Shuningdek, aholi salomatligi uchun sog‘liqni saqlash sohasiga byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar 7,3 trillion so‘mdan 24,7 trillion so‘mga, shifokorlarning o‘rtacha oylik maoshi 1 131,2 ming so‘mdan 3 282,7 ming so‘mga, tibbiyot sohasidagi OTMlar soni esa 7 tadan 9 taga, xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 4 000 tadan 7 049 taga oshirildi.

Bu kabi o‘zgarishlarni, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, toza ichimlik suvi yetkazib berish, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish kabi yo‘nalishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Eng muhimi ushbu ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar joriy yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi orqali ilk bor mamlakatimiz bosh qonuni Konstitutsiyamizda ham aks ettirildi.

Xususan, Konstitutsiyada O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilab qo‘yildi. Insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi. Konstitutsiyaning 14-moddasida davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshirishi belgilangan bo‘lsa, 43-moddada davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishga mas’ulligi belgilandi. 

Shuningdek, Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi.

Yana bir muhim o‘zgarish, shaxsning sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddatda ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (“Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.

Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobarga, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar esa 4 barobar ko‘paytirildi.

Albatta, ijtimoiy himoya kafolatlari va inson huquqlari bilan bog‘liq jarayonda qonuniylikni ta’minlash borasidagi o‘zgarishlar 2017 yildan boshlab qonunlarimizda aks ettirib borilmoqda. Ammo, ayrim o‘z vakolati va majburiyatlarini yetarli darajada anglab yetmagan davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qonunlardagi normalarning turli xilda talqin etib qo‘llanilishi ayrim holatlarda jamiyatda adolat mezonining buzilishiga, fuqarolarning haqli e’tirozlari kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan edi.

Endilikda, “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilishi mamlakatimizning har bir fuqarosi huquqlari uning ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida bir xil ekanligining ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Muzafara ABDIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA