8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Yurtimizda har yili 8 dekabr sanasi xalqimizning orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun sifatida nishonlab kelinadi. E’tiborlisi oxirgi ikki yilda fuqarolarimiz ushbu sanada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatni jipslashtirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni nishonlashmoqda.
Haqiqatdan ham Bosh qomusimiz yangilanishi asnosida xalqimizning ko‘p yillik orzu-umid va istaklari konstitutsiyaviy norma sifatida o‘z aksini topdi. Xususan, keyingi yillarda erishgan yutuqlarimiz, jumladan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolarning hal qilingani, qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzlar erigani” va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasi ta’minlandi.

Qolaversa, tariximizda ilk bor O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi.
Konstitutsiyaning 43-moddasida kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlarni olishi belgilandi. Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar uch barobarga ko‘paydi.
Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.
Ushbu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar yaqin tariximizda “snos”lar bilan bog‘liq ro‘y bergan salbiy holatlarni to‘laqonli bartaraf etishga xizmat qildi. Konstitutsiyaning 47-moddasida hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi kafolatlab qo‘yildi.
Shuningdek, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalarning ham to‘rt barobarga ko‘payganligi aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qolaversa, aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ham aniq norma belgilab qo‘yildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy yo‘nalishdagi o‘zgarishlarni, albatta, ta’lim tizimisiz tasavvur etib bo‘lmadi. Konstitutsiyada ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, ilk bor o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Nogironligi bor bolajonlar o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun inklyuziv ta’lim Konstitutsiyaga kiritildi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalar yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolatdir.
Kiritilgan yangi normalar sabab, davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirildi. Bu normalar “Adolat” SDPning asosiy elektorati hisoblangan o‘qituvchilarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi, jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qildi.
Qolaversa, Bosh qomusimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilandi. Inson huquqlariga oid normalar uch baravarga ko‘paydi. Qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart ekanligi belgilandi. Bu inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklarni bartaraf etib fuqarolarni ortiqcha sarsongarchilikdan qutqaradi.
Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan bu kabi hayotiy normalarga yuzlab misollar keltirish mumkin. Muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Bu esa, har yerda va har jabhada fuqarolarimizga o‘z haq-huquqlarini to‘laqonli himoya qilish imkonini beradi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA