French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuchli ijtimoiy himoya tizimining amaldagi ifodasi
13:58 / 2025-09-17

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash Yangi O‘zbekiston davlat siyosatida yetakchi o‘rin tutadi.

Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi:  

– Ayollarimiz turli soha va tarmoqlarda mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Masalan, 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.

Ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy ta’sir etayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlar davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lmoqda.

Bunda, sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlari, ularda xotin-qizlarga sharoit yaratishga qaratilgan asoslar, muhimi, uni amalga oshiruvchi davlat organlari tizimi yaratilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Oila, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat boshqaruvi organi – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil etildi. Qo‘mita va uning joylardagi hududiy tarmoqlari orqali har bir mahallaga, xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi.

Xususan, mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilgani, ularga davlat xizmatchisi maqomi berilgani, vakolatlarining kengaytirilgani mamlakatimizda har bir ayolga  e’tibor qaratish imkonini yaratdi.  

Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etishga ko‘maklashish maqsadida “Ayollar maslahat kengashi” jamoatchilik tuzilmasi tashkil etildi.

2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur qabul qilindi.

Shu o‘rinda xotin-qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oila vakillarining oliy ma’lumotli bo‘lishlari va kasbiy ko‘nikma olishlari borasida imkoniyatlar yaratilganiga to‘xtalib o‘tsak. Ularni davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tizimi joriy etildi. Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qiz har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari natijalariga muvofiq kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinmoqda.  

Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilishi uchun har yili davlat byudjetidan kamida 200 milliard so‘m ajratilmoqda.  

Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik asosida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Jahon bankining 2,7 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘i hisobidan Farg‘ona viloyatining Furqat, Uchko‘prik, Yozyovon, Qo‘shtepa va Jizzax viloyatining Yangiobod, Baxmal, Forish, Zomin tumanlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan chekka qishloqlardagi 58 nafar ayolni ish bilan ta’minlash, 3,5 ming nafarini tadbirkorlikka o‘qitish, 350 nafarining biznes-rejalarini moliyalashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Darvoqe, "Ayollar daftari" ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, ularga davlat tomonidan manzilli tarzda ko‘maklashishda muhim omil bo‘lmoqda. Chunki, ushbu tizim orqali minglab ehtiyojmand xotin-qizlarning ijtimoiy-moliyaviy ahvoli yaxshilanib, o‘zini tutib olishiga ko‘maklashilmoqda.  

Bu tizim Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “ayolni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik” yo‘lida yaxshi samara bermoqda.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi negizida “Mahallada ijtimoiy xizmat” avtomatlashtirilgan maxsus elektron moduli ishlab chiqildi. 17 million nafardan ziyod xotin-qizlar haqida to‘liq ma’lumotlarni qamrab olgan “Xotin-qizlar.uz” platformasi, 17 yo‘nalish va 138 ma’lumot bazasini o‘z ichiga olgan “Xotin-qizlar balansi” yaratildi.  

Bu tizim orqali ayollarning muammolarini tezkor aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, mahallalarda kompleks yondashuv asosida oilalarning ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash va ushbu xizmatlarni  ko‘rsatish amaliyoti barcha hududlarda joriy etilayotir.  

Bir so‘z bilan ayganda, bularning barchasi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan ijtimoiy davlat asoslarining amalda o‘z ifodasini topayotgani isbotidir.  

N.Abduraimova, O‘zA