Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuchli davlatni salohiyatli kadrlar quradi
18:27 / 2024-07-24

Sharq tafakkuri gulshani yorqin yulduzlaridan biri Ogahiy ilm haqida shunday yozgan edi:

Ilm andoq ganji nofe’dur bani odamg‘akim,

Kimda ul bo‘lsa, ikki olam bo‘lur obod ango.

Darhaqiqat, ilm – aql nuri, insonga baxt keltiradi, kishini yorug‘likka chorlaydi, jaholatdan yiroqlashtiradi. Zero, ziyoli odam hamisha jamiyatning ma’naviy bayroqdori bo‘lib kelgan.

Bugungi globallashuv davrida vaqt bilan hamnafas yashash, yangilikdan boxabar bo‘lish zamondan ortda qolmaslikning muhim sharti. Shu ma’noda bugungi yoshlarimizning ilm olishi, kasb-hunar egallashi juda muhim.

O‘zA “Tengdoshim” loyihasi orqali shunday ilg‘or yurtdoshlarimiz haqida hikoya qiliishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti doktoranti Muxlisa Qo‘chqorova.

Sirdaryoning Guliston shahrida tug‘ilgan Muxlisaxon 25 yoshda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Fransuz filologiyasi” fakultetida bakalavr, JIDU “Xalqaro munosabatlar va jahon siyosati” hamda Fransiyaning “Perpignan Via Domicia” universiteti “Iqtisodiyot va logistika” yo‘nalishlarida magistratura bosqichini tamomlagan. Ayni payt JIDU “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi doktoranti. Shu bilan birga Toshkent shahridagi ISFT universitetida talabalarga saboq berib kelmoqda. Fransuz, ingliz va rus tillarini o‘zlashtirgan.

Ta’limsiz taraqqiyot, ilm-fansiz yuksalish yo‘q!

– Bolaligim juda qiziq va foydali o‘tgan. O‘quvchilik davrimda ona tili va matematikaga ixlosim baland edi. Oila a’zolarim, ayniqsa bobom menga doim vaqtdan unumli foydalanish kerakligini uqtirgan.

Shahardagi eng kuchli maktabda, eng yaxshi ustozlar qo‘lida tahsil olganim o‘z samarasini bergan. Fransuz tilini 5-sinfdayoq o‘rgana boshlaganman va bu xorijiy til keyinchalik hayotimning ajralmas bo‘lagiga aylandi.

Fransuz tiliga o‘zgacha qiziqish meni poytaxtga, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomon yetakladi. Hatto, 18 yoshimda farang yurtida malaka oshirish imkoniga ega bo‘lgandim. O‘shanda dunyoning turli mintaqalaridan kelgan talabalar bilan fikr almashish, madaniyatlarni o‘rganish menda magistraturani aynan xalqaro munosabatlar bo‘yicha o‘qish istagini uyg‘otdi.

Oliy ta’limning bu bosqichida professor-o‘qituvchilar menga katta yordam berishdi. Ilmiy ishim yaxshi baholandi va mavzuni davom ettirish uchun shu yilning o‘zida ikkinchi marta magistraturaga hujjat topshirdim. Qarangki, Fransiyaning “Perpignan Via Domicia” universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim.

O‘zga yurt, notanish odamlar orasida yashash, o‘qish oson emas. Yevropa ta’lim tizimidan o‘rganganim bisyor. Zero, mustaqil va birgalikda ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish, loyiha bilan ishlash har bir talabaning kelgusi kasbiy faoliyati uchun nihoyatda zarur. Hozir olgan bilim va ko‘nikmalarim asosida yoshlarga foydali dars o‘tishga harakat qilib kelyapman.

Eng quvonchli yutuqlarimdan biri – nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtidagi fan doktorlari, xorijlik tengdoshlarim e’tiborini O‘zbekistonga qarata olganim. Har bir o‘zbek yigit-qizi uchun shu ishning uddasidan chiqish eng oliy maqsad, aslida.

Bugun Yangi O‘zbekistonda ayollarga berilayotgan imtiyoz, yaratilayotgan sharoit tufayli har bir xotin-qiz o‘z iqtidorini to‘liq namoyon etish, turli sohalarda yuqori cho‘qqilarni zabt etish imkoniga ega. Bunday natijalarni dunyoning eng mashhur oliygohlarida tahsil olayotgan qizlar misolida ham ko‘rish mumkin. Bu hammamizni xursand qiladi, albatta.

Ilmning chegarasi yo‘q, deyishadi. Bu haq gap. Zero, ta’limsiz taraqqiyotga erishib, ilm-fansiz yuksalib bo‘lmaydi. Meni xursand qiladigan yana bir jihat shuki, bugungi o‘zbek yoshlarining ko‘zida olov chaqnaydi, ko‘pchiligi ilmga tashna. Bu ularning o‘sishga intilishidan dalolat.

Bunday yoshlarga ilmning mashaqqatli yo‘lini mardanovor bosib o‘tish, chin dildan mehnat qilish, taraqqiyotga real qarash va eng asosiysi o‘z fikri, qarashiga ega bo‘lishni tilagan bo‘lardim.

O‘zimning oliy maqsadim esa jahon ilmi rivojiga baholi qudrat hissa qo‘shish, bilimimni boshqalarga ham ulashish, yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish, Vatanim va oilam oldidagi burchimni halol bajarish.

O‘tkir ALIMOV yozib oldi.

O‘zA