Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kubok mezbonlarda qoldi
08:10 / 2025-10-23

Namangan viloyatning Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Kartadrom” majmuasida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi tomonidan tasdiqlangan yillik taqvim rejasiga muvofiq, sportning karting turi bo‘yicha O‘zbekiston ochiq kubogining final bosqichi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, yoshlarni vatanparvarlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida kamol toptirishga qaratilgan mazkur musobaqada Xorazm, Buxoro, Sirdaryo, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri hamda Rossiya Federatsiya, Tojikistondan kelgan yuzga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun bahslashdilar.

Musobaqa ishtirokchilari  “Mikro”, “Mini”, “Super-mini”, “Ok-junior”, “Patriot”, “KF”, “KZ” sinflari bo‘yicha bellashdi. Xalqaro daraja kasb etgan turnirning yakuniy natijalariga ko‘ra, barcha yo‘nalishda eng yuqori natijalarga erishgan Namangan viloyati terma jamoasi sportchilari umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni egallab, kubokni qo‘lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o‘ringa poytaxtimiz sportchilari munosib ko‘rildi. Shohsupaning kuchli uchligini Toshkent viloyati jamoasi yakunlab berdi.

Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisining o‘rinbosari - respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori Anvar Qurbaniyazov, tashkilotning viloyat kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev g‘oliblarga kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdilar.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.