Davlatobod tumanidagi Suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining suzish havzasi suv polisi bo‘yicha O‘zbekiston kubogiga mezbonlik qildi.
2008-2009 yilda tug‘ilgan yosh o‘g‘il-qizlar ishtirokidagi (“U-15”) mazkur musobaqada Namangan, Farg‘ona, Toshkent va Xorazm viloyatlaridan tashqari qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan ham jamoalar ishtirok etdi.
Murosasiz kechgan mamlakat kubogining yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida barcha raqiblarini ortda qoldirgan Toshkent viloyati vakillari umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mezbon viloyat jamoasi esa faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Namanganning yana bir jamoasi Suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi a’zolari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Poytaxt viloyatining qizlari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Qizlar o‘rtasidagi raqobatda ham maydon egalariga ikkinchi bo‘lish nasib etdi. Xorazmlik suv polisi ustalari uchinchi o‘rinni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Mamlakat kubogining g‘olib va sovrindor jamoalari O‘zbekiston suv sporti turlari federatsiyasi, Namangan viloyati hokimligi, viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi tomonidan munosib taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA