Kuba so‘nggi yillarda kuzatilgan eng kuchli bo‘ronlardan biri — "Melissa" to‘foniga uchradi. Soatiga 193 km tezlikda esgan shamol bilan kechgan tabiiy hodisa bugun tongda "Santiago de Cuba" viloyati "Chivirico" shahriga yaqinlashdi.
Mamlakat Prezidenti Migel Dias-Kanel mamlakat bo‘ylab 700 mingdan ziyod aholi ko‘chirilganini ma’lum qildi. Meteorologlar ogohlantirishicha, bo‘ron to‘lqinni 3,6 metrgacha ko‘tarishi, yarim metrgacha qalinlikda yog‘ingarchilik keltirishi mumkin. Natijada toshqin va ko‘chki xavfi keskin ortadi.

– Bilamiz, bu ofat juda katta zarar yetkazishi mumkin, — deydi Kuba yetakchisi. — Muhimi, hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. "Melissa" — Kubaga zarba bergan eng kuchli bo‘ron. Voqeani jiddiy qabul qilish kerak.
Bo‘ron yo‘nalishi sharqdan g‘arbga, Guantanamodan Samagueygacha cho‘zilgan hududlarni qamrab olgan. Maktablar yopilgan, favqulodda xizmatlar esa 24 soatlik rejimda ishlayapti.

Ta’kidlash joiz, "Melissa" Atlantika tarixidagi eng kuchli bo‘ronlardan biri sifatida qayd etilgan. Mutaxassislar ushbu hodisa mamlakatdagi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirishidan xavotirda.
Musulmon Ziyo, O‘zA