English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kripto-jinoyatlarga qarshi kurash: xalqaro tajriba
12:30 / 2025-11-20

Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti juda tez rivojlanmoqda va hayotimizning deyarli barcha sohasi raqamlashtirilmoqda. Shu jarayonda yangi texnologiyalar paydo bo‘lmoqda va ulardan biri bu kripto-aktivlardir.

Kripto-aktiv – bu qiymati va egalik huquqiga ega bo‘lgan, raqamli yozuvlar ko‘rinishidagi mulkiy huquqdir. Ular ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrida saqlanadi va bir shaxsdan boshqasiga o‘tishi mumkin, bu qimmatli qog‘ozlarga o‘xshash xususiyatlarni namoyon etadi.  

Ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri – ma’lumotlarni ixtisoslashtirilgan bloklarda taqsimlovchi texnologiya bo‘lib, bunda har bir yangi blok oldingi blok bilan kriptografik imzo orqali bog‘lanadi. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlaridan biri bu mayning. Mayning – hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyatidir. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlari jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslardir. Kripto-aktivlar yoki kriptovalyutalar bu maxsus raqamli texnologiya orqali yaratilgan virtual pul bo‘lib, ular banklar ishtirokisiz ham pul o‘tkazish va tovar sotib olish imkonini beradi.  

Kripto bozori yildan-yilga kengayib, ko‘plab insonlar va investorlarda qiziqish uyg‘otmoqda. Chunki bu aktivlar ba’zida tez daromad olishga yordam beradi, xalqaro to‘lovlarni osonlashtiradi va innovatsiyani rivojlantiradi. Ammo kripto-aktivlar ijobiy imkoniyatlar bilan birga, katta xavf va muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Chunki bu sohada to‘liq nazorat mavjud emas, ko‘plab tranzaksiyalar anonim amalga oshiriladi va ushbu sohada davlatlar tomonidan aniq qonunlar hali to‘liq shakllanmagan. Natijada pul yuvish, firibgarlik, terrorizmni moliyalashtirish, noqonuniy savdo va boshqa jinoyatlar uchun kripto-aktivlardan foydalanish hollari ko‘paymoqda. Bu esa nafaqat alohida shaxslar, balki davlatlar moliyaviy xavfsizligiga ham jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Shu sababli kripto jinoyatlarga qarshi kurashish barcha mamlakatlar uchun dolzarb masalaga aylangan. Har bir davlat o‘z qonunchilik tizimini takomillashtirishga, nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qilmoqda. Bunda xorijiy davlatlarning tajribasi, ular qo‘llayotgan usullar va texnologiyalarni o‘rganish juda muhim.

O‘zbekiston ham bundan chetda qolmayapti. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotga katta e’tibor berilmoqda va kripto-aktivlar bozorini tartibga solishga qaratilgan qonunlar bosqichma-bosqich qabul qilinmoqda. Xususan, kripto-aktivlar bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash, noqonuniy operatsiyalarni aniqlash, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish kabi yo‘nalishlarda amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda. Lekin tizim to‘liq shakllanmaganligi bois, ba’zan qonun buzilishlari va noqonuniy kripto operatsiyalari uchrab turadi.

Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kripto jinoyatlarga qarshi kurashish uchun faqat qonun qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun kuchli texnologik vositalar, xalqaro ma’lumot almashinuvi, mutaxassislar tayyorlash va aholining xabardorligini oshirish ham zarur. Ayrim rivojlangan mamlakatlar bu borada muayyan natijalarga erishgan bo‘lib, ularning yondashuvlari O‘zbekiston uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.

Kelajakda raqamli iqtisodiyot va kripto-aktivlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanishi mumkin. Shu bois, ularning xavfsiz va qonuniy rivojlanishini ta’minlash mamlakatimizning kelgusi iqtisodiy barqarorligi hamda moliyaviy xavfsizligi uchun juda muhimdir.

Kripto-aktivning eng muhim afzalligi ma’lumotlarning o‘zgarmasligi. Kripto-aktiv asosan blokcheynga asoslangani bois unga kiritilgan ma’lumotlarni o‘zgartirib va bekor qilib bo‘lmaydi. Kripto-aktivlarning afzalliklari bo‘lgani kabi uning bir qator xavfli tomonlari ham mavjud. Jumladan, o‘zgaruvchanlik. O‘zgaruvchanlik afzallik bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, u katta xavfni ham anglatadi. Kripto-aktivlar narxi keskin tushib ketishi va bu katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Keyingisi tartibga solishning yetishmasligi. Kripto-aktiv bozori hali to‘liq tartibga solinmagan. Bu iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda muammolar tug‘dirishi va firibgarlik xavfini oshirishi mumkin. Xavfsizlik risklari – kripto hamyonlar va birjalar xakerlik hujumlariga duch kelishi mumkin. Bu esa foydalanuvchilar mablag‘larini yo‘qotishga olib kelishi ehtimoli mavjud. Oxirgisi texnik qiyinchiliklar. Kripto-aktivlar bilan ishlash blokcheyn va kriptografik hamyon kabi texnologiyalarni bilishni talab qiladi. Ular bilan noto‘g‘ri foydalanish mablag‘larni yo‘qotishga olib kelishi mumkin.  

Kripto-aktivlar jahon moliya tizimining ajralmas qismiga aylanib, global iqtisodiyotda katta o‘zgarishlar keltirib chiqarmoqda. Ular nafaqat yangidan-yangi imkoniyatlar yaratmoqda, balki firibgarlik, pul yuvish, xakerlik hujumlari va boshqa turli xil jinoyatlarni ham yuzaga keltirmoqda. Xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kripto-aktivlar sohasida qat’iy, ammo shaffof tartibga solish mexanizmlari eng samarali natijani beradi. Masalan, Yaponiya kripto-aktiv bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashda bir qator qonunlar joriy qilgan bo‘lsa, AQSHda maxsus organlar orqali ushbu sohaga oid platformalarni tekshirish rivojlangan.  

Umuman olganda, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kripto-aktivlar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashda avvalambor ushbu sohani qattiq tartibga soluvchi aniq qonun yoki normativ hujjat qabul qilinishi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kerak. Negaki davlatlar o‘zaro bir-biri bilan tajriba almashib, hamkorlik qilar ekan, ushbu sohada katta-katta yutuqlarga erishiladi. Shuningdek, raqamli nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va qonunchilikni zamon talablari asosida yangilab borish muhim ahamiyat kasb etadi. Eng samarali yondashuv esa innovatsiya va xavfsizlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashdir.

Nozima Eshpo‘latova,

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi.

O‘zA