Joriy yilning 25 dekbr kuni Kriminologiya kengashining yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida mamlakatda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlarga baho berish, mavjud yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish va kelgusi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash masalalari ko‘tarildi.
Yig‘ilish davomida Kriminologiya tadqiqot institutining bir yil mobaynida amalga oshirgan faoliyati atroflicha muhokama qilindi va jinoyatchilikning sabablarini ilmiy asosda o‘rganish, kriminogen vaziyatni prognoz qilish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha erishilgan natijalar e’tirof etildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda institut huzurida O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya kengashi tarkibi 34 nafardan iborat bo‘lib, unda davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi tizim vakillari faoliyat yuritmoqda. Kengash a’zolarining katta qismi yuqori ilmiy salohiyatga ega mutaxassislardir.
Yig‘ilishda shuningdek, respublika miqyosida jinoyatchilikka qarshi kurashishga doir ilmiy tashabbuslarni tizimli muhokama qilish va ularni amaliyotga joriy etish mexanizmi samarali ishlayotgani qayd etildi. Xususan, davlat hisobotlari, ilmiy-metodik qo‘llanmalar, o‘quv dasturlari, ilmiy nashrlar hamda tadqiqot loyihalari doimiy ravishda tahlil qilinib, ular asosida aniq amaliy takliflar ishlab chiqilmoqda.
Yil davomida tayyorlangan davlat hisobotlarida 150 dan ortiq ilmiy asoslangan takliflar, 80 ga yaqin prognozlar hamda o‘ttizdan ziyod yo‘nalishlar bo‘yicha jinoyatchilik holatiga ilmiy xulosalar berilgan. Ayni paytda ma’muriy hududlar, vazirlik va idoralar buyurtmalari, shuningdek, jamoatchilik tashabbuslari asosida jami 19 ta ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur tadqiqotlar jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha hududiy va sohaviy muammolarga aniq yechimlarni taklif etadi.
Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi va institut nashrlari hamda ilmiy jurnallarini xalqaro nufuzli bazalarda indekslash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Xususan, Kriminologiya tadqiqot instituti xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatining tegishli hududlari hamda Samarqand viloyatidagi mahallalarida kompleks tadqiqotlar olib borilib, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilgan.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalarida, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar Toshkent shahrida 25,2 foizga, Toshkent viloyatida 10,5 foizga kamaygan. Institut ilmiy jamoasi va malakali ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan “o‘g‘rilik hamda firibgarlik jinoyati, tan jarohati yetkazish jinoyatini barvaqt oldini olish" hudud metodikalari 1 500 ga yaqin mahallalar va mas’ul idoralarning amaliy faoliyatda foydalanishi uchun tarqatilgan. Natijada, o‘g‘rilik jinoyati Toshkent shahrida 36,2 foizga, Toshkent viloyatida 4 foizga, firibgarlik jinoyati Toshkent shahrida 33,1 foizga, Toshkent viloyatida esa 5 foizga, tan jarohati yetkazish jinoyati esa Toshkent viloyatida 29,6 foizga kamaygan.
Institut tadqiqotlari hamda bevosita joyiga chiqqan holda olib borgan o‘rganishlari natijasida Samarqand viloyatida jami 458 ta yohud 42,4 foiz mahallalarda mutlaqo jinoyat sodir etilmasligiga erishilgan. Shundan 509 ta yohud hududdagi 47,1 foiz mahallalarda kriminogen vaziyat barqaror holatda saqlanib turishiga erishilgan.
Bundan tashqari, ilmiy kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilib, to‘rtta ixtisoslik bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga ixtisoslashgan ilmiy kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, respublika va xalqaro miqyosda qator ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etilgan.
Yig‘ilish yakunida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tadqiqotlarning amaliyotga yo‘naltirilishini yanada kuchaytirish hamda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish masalalari yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sP9oC_DFU1U" title="Kriminologiya instituti yil davomida qanday natijalarga erishdi va kelgusidagi rejalar qanday?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA