French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi
15:48 / 2024-02-05

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida “Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

— Mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i K.G‘afforov. — Buning natijasida kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishildi. Ammo hozirgi davr jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu maqsadda ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 73-moddasiga yetkazilgan moddiy zararni qoplamagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaslikka oid qoidalar kiritilmoqda. 

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 109-moddasi birinchi qismini dekriminalizatsiya qilib, ushbu moddada nazarda tutilgan normalarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasiga o‘tkazish, shuningdek, Jinoyat kodeksining 109-moddasini amaliyotda eng ko‘p uchrayotgan holatlardan iborat kvalifikatsiya belgilarini nazarda tutuvchi yangi ikkinchi qism bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Ta’kidlash joizki, loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashtiruv instituti ta’sir doirasi kengaytirilishiga, inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga imkon beradi. Respublikada huquqbuzarlik holati pasaytirilishiga, asosiysi, jinoyat natijasida zarar ko‘rgan shaxslarning huquqlari tiklanishi ta’minlanishiga zamin yaratiladi. 

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar, fikr-mulohazalarini bildirdi. Qayd etildiki, mazkur qonun loyihasi bilan taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar orqali aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlashga va kriminogen vaziyatni yaxshilashga erishiladi. 

M.Komilova, O‘zA