Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kriminogen vaziyati og‘ir hududlardagi mahallalarda yangi profilaktika mexanizmlari ishga tushiriladi
17:04 / 2025-10-07

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan izchil islohotlarning huquqiy asoslarini rivojlantirishga qaratilgan. Jumladan, ushbu hujjat bilan mahallalarda profilaktika tizimini mustahkamlash nazarda tutilmoqda. Profilaktika kichik inspektori lavozimi va vakolatlari qonunchilikda aniq aks ettirilmoqda. Bu kriminogen vaziyati og‘ir hududlardagi mahallalarda yangi profilaktika mexanizmlarini to‘liq ishga tushirish imkonini beradi.

Mahalla huquq-tartibot maskanlari va tayanch punktlari tarkibi, shuningdek, profilaktika inspektorlarining (bosh, katta inspektor, inspektor, kichik inspektor) vakolatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Jamoat xavfsizligini oshirish va yangi xavf-xatarlarni bartaraf etish ham nazarda tutilgan. Jumladan, portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qo‘mita majlisida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyot, aholi soni va turmush farovonligining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 2030 yilga borib 120-125 milliard kVt/soatga yetadi.

Shu boisdan ham keyingi yillarda mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish, energiyadan foydalanish xavfsizligini, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qonun bilan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasida vakolatlari aniqlashtirilishi, shuningdek, Energetika vazirligining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatlari belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qo‘mita majlisida kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari yuzasidan ilmiy yondashuvlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi bo‘yicha IIV Akademiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti rahbarlarining axborotlari ham eshitildi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlariga nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ilmiy soha vakillari hamda boshqa vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik ham to‘la jalb qilingan. Eng asosiysi, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki ularning oldini olish asosiy mezonga aylangan.

So‘zga chiqqanlar kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar konsepsiyasi tasdiqlanib, kriminogen vaziyati bo‘yicha “qizil” toifada turgan mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning asl omillarini tizimli ravishda ilmiy yondashgan holda ta’lim muassasalari tomonidan o‘rganib borish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab o‘tdi.

Muhokama yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan  tegishli qarorlar qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA