Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida jinoyatchilikning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va profilaktika tadbirlarini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda joriy yilning birinchi oyi davomida viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlar holati, turlari hamda mahalla va hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar atroflicha tahlil qilindi. Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar, aniqlangan holatlar hamda kiberjinoyatchilikka qarshi amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov jinoyatchilikka qarshi kurash faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vazifasi emasligini ta’kidlab, bu borada mahalladagi ijtimoiy muhit, aholini ish bilan ta’minlash, yoshlar va xotin‑qizlar bilan olib borilayotgan manzilli profilaktika ishlari muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Shuningdek, tizimli profilaktika tadbirlari amalga oshirilmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmasligiga e’tibor qaratildi.
Mahalla hududlarida sodir etilgan jinoyatlar alohida tahlil qilindi. Oldi olinishi lozim bo‘lgan 35 ta jinoyatning 15 tasi mahalla hududlarida sodir etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 foizga kamaygan. Shu bilan birga, Xovos va Guliston tumanlarida ko‘rsatkich 200 foizga, Yangiyer shahri, Sardoba, Mirzaobod va Sayxunobod tumanlarida esa 100 foizga oshgan. Hududlarda sodir etilgan jinoyatlarning qariyb har ikkitadan bittasi o‘g‘rilik, har beshinchisi shaxsga nisbatan tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan. Ayrim mahallalar kriminogen holatiga ko‘ra tegishli toifalarga kiritildi.

Sirdaryo viloyati prokurori Savid Imatov o‘z ma’ruzasida jinoyatlarni barvaqt oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish uchun idoralararo hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. U jinoyat sodir etgan shaxslar bilan profilaktik hisobda ishlash, ayniqsa voyaga yetmaganlar va ishsiz yoshlar bilan manzilli choralar ko‘rish muhim ekanini alohida qayd etdi.

Yig‘ilishda kuzatuv kameralari joylashuvi va ulardan samarali foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi, bu borada mas’uliyat va vazifalar aniqlashtirildi.
Yig‘ilish yakunida tegishli idora va tashkilot rahbarlariga davlat qarorlari ijrosini ta’minlash, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda profilaktika tadbirlarini kuchaytirish hamda belgilangan vazifalar bo‘yicha qat’iy nazoratni o‘rnatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri